Metroda 13 yoshli qizga nomaqbul harakatlar qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi
Fuqaro Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan moddaga muvofiq jazoga tortildi.

Metroda voyaga yetmagan qizga nojo‘ya harakatlar qilgan shaxs ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi
Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berishicha, 2-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sudlanuvchi K. Sh. (1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan)ga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi.
Hukmga ko‘ra, K. Sh. 2021 yil 18 sentyabr kuni Toshkent metropoliten poyezdining vagonida voyaga yetmagan qiz bolaga nisbatan nojo‘ya harakatlar qilgan fuqaro Jinoyat kodeksining 129- moddasi, yaʼni 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish moddasidagi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Mazkur huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 10 oy 21 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.
Hukmdan norozi taraflar hukm eʼlon qilingan kundan boshlab, yigirma sutka ichida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya tartibida shikoyat berish mumkinligi maʼlum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq metroda 13 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan erkak bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlagani hamda 11 yoshli bola ikki yil davomida amakisi tomonidan zo‘rlab kelingani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







