Og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatiga start berildi
Bugun Toshkent shahrida joylashgan “Yunusobod” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xalqaro Og‘ir Atletika Federatsiyasi prezidenti Maykl Irani musobaqa yuqori saviyada tashkillashtirilganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkillashtirishda bosh bo‘lgani uchun federatsiyamiz nomidan minnatdorchilik bildirib qolaman. Shuningdek, Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi ham tashkiliy ishlarni yuqori saviyada amalga oshirishdi. Ushbu jahon chempionatida 90 ga yaqin mamlakatdan 500 nafar sportchi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Fursatdan foydalanib, bugungi murakkab davrda barchangizga sihat-salomatlik tilab qolaman”.
Mamlakatimiz nomidan Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, musobaqa ishtirokchilariga samimiy tilaklarini bildirib o‘tdi:
“Barchangizni yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan jahon chempionatida ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Nufuzli musobaqalarni qabul qilish orqali dunyo hamjamiyatiga Yangi O‘zbekistonning imkoniyatlarini ko‘rsatmoqdamiz. Og‘ir atletika bo‘yicha so‘nggi ikki Olimpiya o‘yinlarida vakillarimiz oltin medalni qo‘lga kiritib kelayotgani, yaqinda Saudiya Arabistonida o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida yoshlarimiz kuchli uchlikdan o‘rin olgani bu sport turi yana-da rivojlanib borayotganidan darak beradi. Musobaqada barcha ishtirokchilarga omad tilayman”.
Avvalroq jahon chempionatida qatnashadigan og‘ir atletikachilarimiz maʼlum bo‘lgani va Toshkentda jahon chempionati boshlanayotgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov








