Svetoforda qizil chiroq: to‘xtang! Taʼlimda ota-ona haqmi yoki o‘qituvchi?
Tahlilda ziddiyatlarni keltirib chiqarayotgan voqeliklarning ildizi qayerda ekanini anglashingiz mumkin.

...Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Bir o‘qituvchi bo‘lgan ekan. Bir kuni uning eng aqlli o‘quvchisi “ishkal” qilib qo‘yib, o‘qituvchi maktabga uning ota-onasini chaqirtiribdi...
Odatda ertaklar shunday boshlanadi. Bu zamonaviy ertak. Umuman olganda, kuchli taʼlim va intizomni zamon talab qilmoqda. Ho‘sh, o‘zi taʼlim jarayoniga faqat o‘qituvchi masʼulmi yoki ota-ona ham javobgarmi degan o‘rinli savol tug‘iladi.
Esingizda bo‘lsa kerak, joriy yilning aprel oylarida ijtimoiy tarmoqlarda “Qashqadaryoda o‘qituvchi o‘quvchiga 2 baho qo‘ygani uchun “jazolandi”. Zo‘ravonlar maktab direktori o‘rinbosarining o‘g‘illari” nomli xabar yashin tezligida tarqaldi. Vaholanki, surishtiruvlarning natijasi o‘laroq, haq bo‘lgan o‘qituvchini kechirim so‘rashga majbur qilgan mushtumzo‘rlarning aynan masʼul rahbarga qarindosh ekanligi achinarli hol.
Bundan ancha yillar avval, otam zamoni desam, xato bo‘ladi-ku, opam, akam o‘qigan o‘quvchilik davrida o‘qituvchining inson sifatida bo‘lsa ham ozgina hurmati bor edi. Ayniqsa, oylik maoshi bilan bog‘liq muammolari qiynab turgan bir paytda o‘zida bor bilimlarni, shu bilan birga odamiylik fazilatlarini ham o‘quvchilarga singdirib borgan ustozlarni eʼtirof etmaslik uyat.
Hozir-chi? Hozirgi kunda “Kim kimga boqar, boyni bolasi hammaga yoqar” maqoliga amal qilinmayaptimikan? Taʼlim jarayoniga jonini fido qilayotgan ustozlarning bu qadar ota-onalarga hafsalasi yo‘qligini, yoki ota-onalarning ham farzandi uchun qattiqroq turmasligini nima bilan izohlash mumkin?
Yaqin –yaqin kunlargacha, o‘qituvchilar ishi nimaligini ham unutib, paxta dalalari, ko‘cha boshi-yu, qurilish maydonlarida “ko‘ngilli” bo‘lib, majburiy mehnat ostida ezilib kelardi.
Masalan, o‘tgan yili Buxoroda “Taʼlim tizimida hamon majburiy mehnat hukmron. Rahbarlar uchun o‘qituvchi mardikormi?” nomi ostida xabarlar tarqatilgandi. Har holda maktab direktori tegishli tartibda jazolangan.
Shunga o‘xshash voqea Toshkentda ro‘y bergan. Unda o‘qituvchi ayolni haqorat qilib, tazyiq o‘tkazib, ishdan bo‘shatgan rahbar ham o‘z jazosini olganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Bu ham qaysidir maʼnoda o‘qituvchi, o‘quvchi uchun yaxshi yangilik. Vaholanki, bu kelajak uchun qo‘yilgan bir qadamdir.
Ammo oxirgi vaqtlarda maktab va ota – onalar o‘rtasidagi ziddiyat shu qadar kuchayganki, ularning bir-biriga kamarbasta hamkorligi uyoqda tursin, otarga o‘qi, aytarga so‘zi yo‘q! Bu tanqid emas. Chunki hozirda tanqid qilib ham baraka topmaysan. El ravnaqi, hech bo‘lmaganda o‘z farzandlarimizning kelajagi uchun biror yangilik, taklif bildirish boshimizga to‘qmoq bo‘lib tushadi.
Tan olish kerakki, taʼlim jarayoniga masʼul bo‘lgan ustozlik kasbini egallashga cho‘chib qolganlar yoxud o‘z kasbidan voz kechib ketganlarni ham eshitdik, ko‘rdik. Jamiyatdagi bunday nosozlikni nazoratga olish mumkinmi?
Balki, so‘z isboti bilan deganlaridek, hayolimizdan o‘qituvchi ham oy emasdir, degan fikr o‘tishi hech gap emas. Albatta, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Muammo faqat ota-onada emas. Taʼlim muassasasi bo‘lgan maktab ichki nizomiga o‘z “ideyalarini” olib kirgan o‘qituvchilar ham yo‘q emas. Misol uchun, Andijonda darsga kechikkan va kelmaganlardan jarima undirgan o‘qituvchi jazoga tortilgani sir emas. Yoki Bulung‘urlik o‘qituvchi maktabda qo‘shmachilik bilan shug‘ullangani uchun jazoga, yaʼni, 250 soat majburiy jamoat ishlari jazosiga loyiq ko'rilgandi. Bu voqelik 2019 yilda bo‘lgan.
Inson sifatida bu qadar tubanlashishimizga nima sabab bo‘lyapti? Yaqin vaqtlar orasida yana bir “qahramon” trendga chiqdi. U o‘z haq-huquqini juda “yaxshi” tushungan, endi harf taniyotgan o‘quvchilar oldida farzandini go‘yoki “himoya” qilyotgan ona qiyofasida namoyon bo‘ldi.
Mazkur holat bo‘yicha Xalq taʼlimi vazirligi rasmiy bayonot berdi. Bo‘ka tumanidagi 2-sonli umumtaʼlim maktabida yuz bergan o‘quvchilardan birining onasi tomonidan sinfdagi boshqa o‘quvchilarga baqirayotgani aks etgan videodagi holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi.
Eng dahshatlisi, bunday hodisalarning son-sanog‘i yo‘q. Bu nafaqat o‘qituvchi va ota-ona o‘rtasidagi uyat, andisha, o‘zbekona bir lutfdan uzoqlashgan kimsalarga taaluqli bo‘lib qolmasdan, “kottakon”larning ham pishib turgan yarasiga o‘xshaydi. Chunki, bunday baqir-chaqir “shou”larning guvohi bo‘layotgan bolalarning ruhiyatiga berilayotgan zarbaning tovoni juda og'ir. Ularning miyasini “ochayotgan” onalar, qasdma-qasd borayotgan o‘qituvchilar kattа xato qilayotganlarini bilmasmikan? Ertaga baqiroq ona yer bilan bir qilgan o‘qituvchining o‘quvchi oldida qay darajada hurmati qoladi? Ular ham ertaga arzimagan sabab bilan ota-onasini qalqon qilib, janjal ko‘tarmaydimi?
Savol, savol, savol! To‘xtang o‘rtoqlar! Ota-ona bo‘lsangiz o‘zingizni isloh qiling! O‘zingiz o‘qigan davrni eslang! O‘qituvchi bo‘lsangiz, odam ajratmang! Taʼlimni sifat darajasida hallolab bering! Bu daʼvat emas, bu iltimos!
O‘tavering, yashil yondi...
Xulosani esa o‘z dunyoqarashingizga qarab чиқарарсиз....
Cho‘lponoy Ahmedova







