Bizga boks muhimmi yoki muhokamadagi qonunlar?
Bugun Oliy majlis qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Biroq…

Undagi jarayonlar televideniye orqali keng jamoatchilik kuzatuvi ostiga olinishi ko‘p bora taʼkidlanayotgan edi. Biroq ehtimol efirning cheklangani bunga xalal bergandir, efir 48:48 minut davom etib, so‘ng uzib qo‘yildi.
Bunga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy tushuntirish berar ekan, Telegram kanalida quyidagicha xabar qoldirildi:
“UzReport” telekanali avvaldan rejalashtirilgan boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatini soat 11:00dan boshlab efirga uzatish maqsadida Quyi palata majlisini efirga uzatishni to‘xtatgan".
Shu o‘rinda haqli savol tug'iladi: Bizga boks muhimmi yoki butun bir xalqning taqdiriga daxl qiladigan qonunlar?
Ajablanarlisi, OAV da yalpi majlisni yoritadigan manba bittagina “UzReport” emasku. Qayerdagi seriallar-u, shoular targ‘ib qilinadigan telekanallarni ayni vaqtda sanashga barmoq yetmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali ham kuzatish imkoni borligi aytilayotgan yalpi majlis yig‘ilishi xuddi televideniyedagi kabi 48:48 minutda to‘xtatilganiga qanday izoh berish mumkin? Xalq uchun qog‘ozga ko‘chayotgan qonunlar emas, muhokama jarayonlari muhim emasmi? Deputatlarni shu xalq saylagan ekan, ular aslida kimning manfaati uchun ishlayotganini ko‘rishi kerakku.
Ho‘sh, bu qariyb 49 minut davom etgan efirda qaysi masalalar ko‘tarildi?
Mazkur savolga “hech qanday” deb javob berishning o‘zi kifoya. Chunki davlat madhiyasi, “olib borilayotgan islohotlar”, inson huquqlari va korrupsiyaning oldini olish uchun qilinayotgan chora-tadbirlarning maqtalgani - masala ko‘tarildi yoki hal qilindi degani emas.
Bunday imi-jimida o‘tkazilar ekan, unda nima uchun jonli uzatilishi haqida eʼlon berildi. Bu shaffoflikning quruq gap ekanligidanmi yoki ochiqlikning ochilmasligidanmi? Yoki bu yerda qandaydir ishora mavjudmi?
Albatta bu holat hali ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ladi. Sabab bo‘lishi ham kerak!
Olamgir Abdiyev







