Bollivud yulduzi Katrina Kaif o‘zidan 5 yosh kichik aktyorga turmushga chiqdi
Katrina Kaif o‘z hamkasbi Viki Kaushal bilan oila qurishga qaror qildi.

“Toki hayot ekanman”, "Tezlik-3”, “Ko‘hinur olmosi izidan” singari filmlardagi roli bilan yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa bir vaqtlar Salmon Xon, keyinroq esa Ranbir Kapur bilan uchrashgan.
U bilan munosabatlariga nuqta qo‘ygandan keyin esa shaxsiy hayoti bilan bog‘liq maʼlumotlarni sir tutishga uringan.
To‘ydan avval aktrisa“Masaan”, “Zubaan” filmlarida suratga tushgan Viki Kaushal bilan 2019 yildan buyon uchrashib yurgani va ularning turmush qurishga qaror qilgani haqida mish-mishlar tarqaldi.
Bu gaplar bejizga emasligi va juftlik munosabatlarini shu hafta nikoh rishtalari bilan mustahkamlashi maʼlum bo‘ldi.

Aktrisaning barcha qarindoshlari allaqachon Hindistonga uchib kelgan. Bo‘lajak er-xotin marosimni o‘tkazish uchun Rajaston shtatiga jo‘nagan. Tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxonadagi 42 ta nomer 3 kunga band qilingan.
Striming platformalaridan biri to‘y suratlari uchun Katrinaga 1 milliard rupiy (13 million dollar) taklif qilgan.
G‘arbdagi yulduzlar orasida to‘ydagi foto va videolarni sotish keng tarqalgan, ammo Kaifning bunga rozi bo‘lish yoki bo‘lmasligi hozircha nomaʼlum.

Maʼlumot o‘rnida: Katrina Kaif 1983 yilda Gonkongda hindistonlik Muhammad Kaif va ingliz millatiga mansub Syuzanna Tyurkott oilasida tug‘ilgan.
O‘z karyerasini 14 yoshida model sifatida boshlagan Kaif ilk bor 2003 yil "Bum” filmida suratga tushgan. Uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Viki Kaushal esa 1988 yilda Mumbayda dunyoga kelgan.
Rajiv Gandi nomli texnologiya institutini tamomlagan Viki aktyor sifatidagi faoliyatini 2012 yilda suratga olingan “Vasseypur to‘dalari” filmida rol ijro qilishdan boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dunyo yulduzlarining qo‘llarini bezab turgan nikoh uzuklarining narxi qanchaligi hamda turk aktyori Xalit Ergench uchinchi marotaba ota bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







