“Kattokon”larning odob-axloq qoidalari uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonun muhokamaga qo‘yildi
Kodeks loyihasi 6 bob, 53 moddadan iborat.

regulation.gov.uz portalida O‘zbekiston davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi loyihasi eʼlon qilindi.
Unga ko‘ra, ushbu kodeks davlat xizmatchilarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqining yagona prinsiplari va qoidalarini belgilovchi hujjat bo‘lib xizmat qiladi.
Loyihaga binoan, davlat xizmatchisining odob-axloq normalariga rioya qilishlarini taʼminlash bo‘yicha masʼul bo‘lgan organlar quyidagilar hisoblanadi:
Davlat tashkilotlaridagi odob-axloq komissiyalari;
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi;
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Kodeksda birinchi bor davlat xizmatchisi tushunchasiga quyidagicha taʼrif berilmoqda:
doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat tashkilotida (davlat ishtirokidagi tashkilot bundan mustasno) tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxs, hamda mehnat shartnoma (kontrakt) asosida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqaruv xodimi.
Kodeks bilan davlat xizmati 3 turga bo‘linmoqda:
– davlat siyosiy xizmati – ichki va tashqi siyosatni belgilash hamda siyosiy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bilan bog‘liq davlat hokimiyati vakillik organiga saylanadigan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy xizmat faoliyati bo‘lgan davlat xizmatining bir turi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputat va senatorlari, mahalliy xalq deputatlari Kengashi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasining nomenklaturalariga kiradigan lavozimlar);
– davlat fuqarolik xizmati – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat organlaridagi davlat fuqarolik lavozimlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi;
– davlat maxsus xizmati – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlaridagi harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi hamda sud organlaridagi yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi.
Shuningdek, sohaning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda: qonuniylik; adolatlilik; fuqarolarning huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlari ustuvorligi; vatanparvarlik va xizmat burchiga fidoyilik; davlat va jamiyat manfaatlariga sadoqat; halollik; xolislik; ochiqlik; korrupsiyaga qarshi toqatsizlik; professionallik va layoqatlilik; samaradorlik va tejamkorlik.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbarining ko‘krak nishoni va shtandarti joriy qilingani hamda belgilangan muddatdan 25 kun o‘tgan bo‘lsa ham, byudjet loyihasi va byudjetnoma Qonunchilik palatasiga kiritilmagani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







