Kelgusi yil taʼlim sohasi xarajatlariga salkam 47 trillion so‘m yo‘naltiriladi
Senat "2022-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonunni maʼqulladi.

Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan 2022 yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va konsolidatsiyalashgan Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari prognozlari hamda 2023 – 2024 yillar uchun byudjet mo‘ljallari belgilanmoqda.
Ushbu qonunda 2022 yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sish surʼatlari 6 foizni, shu jumladan, sanoatda 7 foizni, qurilish sohasida 8,1 foizni, qishloq xo‘jaligi sohasida 3,3 foizni tashkil etishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, inflyatsiya darajasi pasayishi tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda 9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
2022 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 254,6 trillion so‘m yoki YAIMning 30,3 foizi darajasida taxmin qilinmoqda. Davlat byudjeti daromadlari 199,5 trln so‘m, xarajatlari esa 215 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Davlat byudjetidan ijtimoiy sohaga — taʼlim sohasi xarajatlariga 46,9 trillion, sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlariga 22,8 trillion, madaniyat va sport sohasi xarajatlariga 3,4 trillion va fanni yana-da rivojlantirish tadbirlari uchun 1,5 trilliion so‘m yo‘naltirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, qonunda ochiq byudjet, “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga 1 trillion 553 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zlangan.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.







