Benzin narxi 6 500 so‘m bo'ldi
Narxlarning arzonlashtirilishi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

So‘nggi kunlarda benzin taqchilligi kuzatilgani sababli internet ijtimoiy tarmoqlarida tanqidiy muhokamalar bo‘ldi, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘iga asosan, “Ishchi guruh”lari tuzilib, neft mahsulotlarining isteʼmolchilarga yetkazib berilishi to‘liq nazoratga olindi.
Olib borilgan ishlar natijasida avtobenzin taqchilligining oldi olinib, isteʼmolchilar talab va takliflariga binoan narxlarning arzonlashtirilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Benzin taqchilligini oldini olish va uning narxlarini arzonlashtirish borasida “O‘zbekneftgaz” AJ, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va “Tovar xomashyo birjasi” AJ hamkorligida chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Natijada “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli AYOQSHlarda bugun, 17 dekabr kunidan boshlab “AI-80” markadagi benzin 6890 so‘mdan arzonlashtirilib, har bir litri uchun 6500 so‘m narxda sotuvga chiqarildi.
Respublika hududidagi “O‘zbekneftgaz” AJning barcha AYOQSHlarda benzin shu belgilangan narxda sotilishi taʼminlanadi.
Avvalroq O‘zbekistonda benzin narxi oshgani hamda O‘zbekistonda eng ko‘p benzin qaysi hududda ishlab chiqarilgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







