“Kаttаkon”larning to‘yiga bormagan xonanda “zapret”ga tushganmi?
U 2007-2008 yillarda qora ro‘yxatda bo‘lgan.

Xonanda Otabek Mutalxo‘jayev Yashin TV YouTube kanaliga bergan intervyusida yuqori lavozimda ishlaydigan amaldorning to‘yiga bormagani uchun salkam bir yil “zapret” ga tushgani haqida gapirib berdi.
"U amaldor kimligi ham aytilmagan, hozir ham aytish niyatim yo‘q. O‘tgan ish o‘tib ketdi. Rostdan ham 8-9 oy davomida na radio, na televideniye va na gazeta-jurnal, na to‘y-hasham – hech qayerga chiqishga ruxsat bo‘lmagan. Bu 2007-2008 yillarga to‘g‘ri kelgan. 2007-yil juda ham xotiralarga, yutuqlarga boy bo‘lgan. Lekin yilning oxirida shunaqa holat bo‘lgan va 2008-yilgacha cho‘zilgan. O‘sha vaqtda hech kim bunga aralasha olmagan, hal qilolmagan. Dilim og‘rigan, to‘g‘risi.
Keyin o‘sha insonlarni ham ko‘rdik, o‘zi ham xor bo‘ldi. Baribir hayot ko‘rsatib qo‘ydi. O‘tirgan joy, mansab, obro‘-eʼtibor oxirigacha emas, vaqtincha. Ular odamzodga abadiy berilmaydi. Bunday vaqtda yomonlik qilmaslik kerak. Iloji boricha, qo‘lidan kelgancha yaxshilik qilish kerak. Chunki ertaga bu mansabdan yiqilishing bor. O‘sha sen yomonlik qilgan, turtkilagan insonlaring ustingdan kulishini ham o‘ylab qo‘yish kerak bu hayotda. Shunaqa insonlarni ko‘rdik", – deydi Otabek Mutalxo‘jayev.
Xonanda bu voqea unga yosh bo‘lgani uchun ham juda yomon taʼsir qilgani, balki bu kabi vaziyatga hozirgi kunda, oyoqqa turgan vaqtida uchrasa, bu darajada bilinmasligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mashhur bloger Ozod va aktrisa Husnora birgalikda duet kuylagani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova tayyorladi.







