Maktab o‘qituvchilaridan Abdurahmonovgacha: Uzr so‘rash estafetasi kimgacha yetdi?
Andijonda ota-onalar oldida uzr so‘rashga majbur qilganlarning o‘zlari uzr so‘rashni boshladi.

Andijon hokimi ota-onalar oldida uzr so‘ragan o‘qituvchilar ishiga munosabat bildirdi.
"Hech bir ustoz bunday holatga tushishiga yo‘l qo‘ymayman", — deydi hokim.
Andijon viloyati Marhamat tumanida o‘qituvchilardan ota-onalar qarshisida uzr so‘rashga majbur qilingani bo‘yicha xabar berilgandi. Tuman xalq taʼlimi bo‘limi mudiri va hokim yordamchisi masʼul bo‘lgan va 72-IDUM o‘qituvchilari ota-onalar qarshisida kechirim so‘rashga majbur qilingan. Bundan tashqari, shu kabi yig‘ilishlar Marhamat tumanidagi 9-, 27-, 43-maktablarda ham o‘tkazilgandi.
Viloyat hokimi holatni o‘z nazoratiga olganini bildirgan.
Aniqlanishicha, viloyat hokimi holatni o‘z nazoratiga olgan va bu bo‘yicha alohida ishchi guruh tuzilgan.
"Bu bilan ustozlarimizga bo‘lgan eʼtibor Davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni davrda “ayrim” rahbarlarning maʼnaviyatsizligi va saviyasizligi kechirib bo‘lmas xatoni yuzaga keltirdi.
Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Men Andijon viloyati hokimi sifatida mazkur holatni o‘z nazoratimga olib, meni boshchiligimda alohida ishchi guruh tuzildi. Aytib o‘tish joizki, ushbu xatoga yo‘l qo‘ygan har qanday rahbarlarga qonunda belgilangan jazo choralarini ko‘rilishini taʼminlayman.
Andijonda hech bir ustoz va murabbiylarimiz bunday holatga tushishlariga yo‘l qo‘ymayman, zero sizning oldingizda sharafli mehnatingizni qadrlagan holda taʼzimdamiz", — deydi hokim Shuhrat Abdurahmonov.
Shuningdek, Marhamat tumani hokimi ham holat yuzasidan munosabat bildirib o‘tgan. Qayd etilishicha, hokim bu ish bo‘yicha majlisda uzr so‘ragan ustoz va murabbiylardan kechirim so‘ragan.
"Ulrani qo‘llab-quvvatlab, yelkadosh bo‘lib, yetuk insonlarda tarbiyalashda kamarbasta bo‘lamiz»— deydi Bobur Yo‘ldoshev.







