Putin Shavkat Mirziyoyevga Ukraina atrofidagi vaziyat sababini ochiqladi
Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Sherzod Asadov kecha ikki davlat, yaʼni Rossiya va o‘zbekiston davlatlarining muloqotiga o‘z Telegram kanalida yozib qoldirdi.
Kechadan buyon mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari va blogerlaridan O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti yakunlariga izoh berishimni so‘rab, murojaatlar kelib tushmoqda.
Shu munosabat bilan hamkasblarimizga quyidagilarni maʼlum qilmoqchiman.
Ikki tomonlama munosabatlarning keng ko‘lamli kun tartibida turgan dolzarb masalalardan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.
Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbariga maxsus harbiy operatsiyani o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qarorning sabablari va shart-sharoitlari to‘g‘risida maʼlumot berdi.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, tomonlar vaziyatni hal qilishning o‘zaro maqbul yo‘llarini tez fursatda topishlari va uning yana-da keskin tus olishiga yo‘l qo‘yilmasligiga umid bildirdi.
Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada.
Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim.







