TIV rasmiy vakili: Vatandoshlarni Polsha bilan chegaradosh Lvov shahriga xavfsiz yetkazishni tashkil etishning vaqtincha iloji bo‘lmayapti
TIV rasmiy vakili muhim axborotni eʼlon qildi.

Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari yerto‘lalarda qolishga majbur bo‘layotgani, ularga birinchi zarur mahsulotlar yetishmay qolgani to‘g‘risida maʼlumotlar tarqalayotgani yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
O‘zbekistonning Ukrainadagi Elchixonasi vaziyat qay darajada murakkab bo‘lishidan qatʼi nazar ushbu mamlakatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizni evakuatsiya qilishni tashkil etish bo‘yicha kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.
Diplomatik missiya vakillari yurtdoshlarimiz bilan doimiy aloqa o‘rnatib, yuzaga kelayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etib kelmoqda. Xarkovda bo‘lib turgan Elchixona masʼul xodimi o‘zbekistonlik talabalar bilan bevosita muloqotda bo‘lib, ularning barcha masalalarini hal etmoqda.
Elchixona hamda Ukrainadagi diasporamiz vakillari ko‘magida Xarkov va Zaporojye shaharlarida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik talabalar uch mahal ovqat bilan taʼminlanmoqda. Shu bilan birga, Zaporojye milliy universiteti rahbariyati ham talabalarga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, Xerson, Xmelniskiy, Dnepr va Odessa shaharlarida tahsil olayotgan talabalar masalalari diaspora ko‘magida hal etilmoqda.
Ayni paytda Ukraina shaharlari o‘rtasidagi avtomobil va temir yo‘l aloqalari butunlay faoliyatini to‘xtatgan. Bunday sharoitda Ukrainaning sharqiy va markaziy viloyatlaridan vatandoshlarni Polsha bilan chegaradosh Lvov shahriga xavfsiz yetkazishni tashkil etishning vaqtincha iloji bo‘lmayapti. Ammo mana shu kabi jiddiy xavf-xatarlar bo‘lishiga qaramay, bir guruh talabalar ularni zudlik bilan evakuatsiya qilishni talab etmoqda.
Shu munosabat bilan Ukrainadagi vatandoshlarimizga vahimaga tushmaslik, yolg‘on maʼlumotlarni tarqatmaslik va Elchixonaning xavfsizlik bo‘yicha umumiy ko‘rsatmalariga amal qilishlarini qatʼiy tavsiya etamiz. Shu bilan birga, Elchixona yaqin kunlarda O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainadan xavfsiz olib chiqish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.







