Namanganda MFY raisi tadbirkorni chuv tushirdi
U fuqaroning 118 million pulini o‘zlashtirgan.

Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, Departamentning Chust tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda tumandagi “Yu.” MFY raisi B.S. “G.B.” MCHJ rahbari G‘.ning “Sog‘lomlashtirish va sport markazi” qurish niyatida yurganini bilib, unga qurilish ishlari uchun 475 million so‘m subsidiya mablag‘ini olib berishini aytib, go‘yoki “G.B.” MCHJni subsidiya oluvchi tadbirkorlik subyektlari ro‘yxatiga kiritilganligi haqida soxta maʼlumot kiritilgan hujjatni taqdim etgan.
Tadbirkor G‘yuning ishonchiga kirgan MFY raisi uning 118 million so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







