37 ta soxta kredit hujjatlarini rasmiylashtirgan sobiq bank xodimi ushlandi
U deyarli yarim milliard so‘mni o‘zlashtirgan.

Qo‘ng‘irot tumanida kredit mablag‘ini o‘zlashtirgan sobiq bank bo‘lim boshlig‘ining kirdikorlari fosh bo‘ldi. Bu haqda Prokuratura departamenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, ATB “Qishloqqurilishbank” Qo‘ng‘irot filialining sobiq bo‘lim boshlig‘i A.N. 33 nafar fuqaro va o‘zining nomidan 37 ta soxta kredit hujjatlarini rasmiylashtirib jami 483,5 million so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







