Bugun Polshadan yana ikkita evakuatsiya qatnovi tashkil etiladi
Birinchi reys Toshkentdan Katovitsega soat 07:00 da uchib ketgan bo‘lsa, keyingisi soat 10:00 da parvoz qiladi.

2022-yilning 1-2 mart kunlari "Uzbekistan Airways" AJning uchta samolyoti bilan 677 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Polshaning Katovitse ayeroporti orqali Ukrainadan evakuatsiya qilindi.
Umumiy hisobda Ukrainadan Polsha hududi orqali 5 ta aviareyslar bilan 1 186 nafar o‘zbek fuqarolari olib kelindi.
Bugun yana ikkita evakuatsiya qatnovini tashkil etish rejalashtirilgan. Birinchi reys Toshkent shahridan soat 07:00 da uchib ketgan bo‘lsa, keyingisi soat 10:00 da parvoz qiladi.
Polsha hududida mamlakatimizning 800 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. Ulardan 350 nafari Polsha davlat chegarasidagi to‘planish nuqtasiga, 450 nafari esa Katovitse ayeroportiga joylashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi Elchixonasi tomonidan jangovar harakatlar ketayotganiga qaramay, mamlakatimiz fuqarolarini evakuatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.
Mamlakatimizning Polsha va Ukrainadagi diplomatik vakolatxonalari uzluksiz tartibda ishlamoqda. Fuqarolarimiz uchun issiq ovqat yetkazilib, zarur hollarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainadan evakuatsiya qilingan fuqarolar Toshkentga yetib kelgani haqida xabar berilgandi.







