Ayni paytda Ukrainada qolib ketgan vatandoshlar qismati
Ukrainadagi O‘zbekiston Elchixonasi bilan hamkorlikda shu kunga qadar 5 ming nafardan ortiq vatandoshlarimiz O‘zbekistonga olib kelindi. Biroq...

Ular orasida chegaradan o‘tolmay, qolib ketgan fuqarolarimiz ham yo‘q emas.
So‘nggi kunlarda Ukrainadagi kechayotgan vaziyat dunyo diqqat markazida. Polshaning Katovitse aeroporti orqali deyarli har kuni yurtdoshlarimiz vatanga qaytarilmoqda. Biz ayni damda Ukrainada qolib ketgan hamyurtlarimiz bilan bog‘landik:
Rustam Muslimov:
— Men kecha 16:00 lar atrofida oilam bilan amallab, Polsha chegarasiga yetib keldim. Chegara yopiq. 3 000 ga yaqin odam navbatda turibdi. Tungi soat 23:00 gacha biz ham navbat kutdik. Ammo chegara yaqinlasha olmadik. Sovuq o‘tib ketdi. Ilojsizlikdan ortimizga qaytdik. Ayolim va farzandim Ukraina fuqarosi. Men esa O‘zbekiston fuqarosiman. Barcha hujjatlarimiz joyida. Lekin juda qiynalyapmiz.
Ukrainaga qaytishda "komendantlik soati"ga to‘g‘ri kelib qoldik. Oilam bilan hozir ilojsizlikdan “zapravka”da o‘tiribmiz. Kecha tunda sovuqda palatkalarda tong ottirdik. Ammo uxlashga sharoit yo‘q. Ertalabki 6:00 gacha shu yerda qolishga majburmiz. Bu yerdagi o‘zbeklardan eshitdim: Lvovsk viloyatidagi Truskaves shahridan 70 kilometr uzoqlikda chegara bor ekan. O‘sha chegaradan o‘tish ancha osonroq deyishdi. Endi so‘nggi yo‘l: O‘zbekistonga Germaniya orqali o‘tish. Eson-omon Germaniyada yetib olsak, so‘ng O‘zbekistonga ketamiz.
Sarvar Kamolov:
— Doneskdan poyezdga amallab chiqib oldim. Lvovskga yo‘l oldik. 30 nafarmiz, barchamiz o‘zbekistonlik. Kecha podvallarda tunadik. Uzoqdan portlash ovozlari eshitib turdi. Hamma sarosimada. Transport juda kam. Bo‘lsa ham ularga chiqa olmaymiz. Vokzalga yetib kelgunga qadar 80-90 kilometr piyoda yurdik. Bu esa oson emas. Oramizda yoshi kattalar, ayollar ham bor. Yurtimizga qaytishni istaymiz.
Ixtiyor Ibodullayev:
— Men Konotopda qolib ketdim. Chegaradan o‘tolmayapman. Pulim juda kam qolgan. Mendan 35 metr uzoqlikda yana 5 ta tanishim ham bor. O‘zbekiston elchixonasi bilan gaplashib turibman. O‘zbekistonliklar evakuatsiya qilinayotganini eshitib xursand bo‘ldim. Ammo ular Kanapot shahrigacha kelishmayapti. Men esa bu yerdan chiqib ketolmayapman. Juda yomon ahvoldaman. Yeb-ichishimga shu yerlik mahalliy aholi yordam beryapti. Non topib yeyish uchun duch kelgan ishni qilib kun kechiryapman.
Munojat Valiyeva







