Suriyadagi terroristik tashkilotning o‘zbekistondagi 7 nafar aʼzosi ushlandi
Ular ekstremistik oqim rahnamolarining maʼruzalarini tarqatgan.

Xivada 18 - 20 yoshdagi 4 nafar o‘smirlar o‘zining uyali telefon apparatlari orqali ijtimoiy tarmoqlardagi aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallar bilan tanishib, xalqaro terroristik tashkilotlar va ekstremistik oqimlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan Abu Saloh, Abdulloh Buxoriy, Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy va boshqalarning maʼruzalarini ko‘rib, tinglab, atrofdagilarga tarqatib kelishgan.
Bundan tashqari, yana 3 nafar fuqaro mehnat muhojiri sifatida xorijda bo‘lgan davrlarida ijtimoiy tarmoqlar orqali, ekstremistik ruhdagi qarashlarning oqimiga tushib qolgan. Ular vatanga qaytgach, virtual guruh tashkil qilib, noqonuniy xatti-harakatlarini davom ettirishgan.
Suriyadagi terroristik tashkilotlar aʼzolari bilan aloqaga kirishgan shaxslar ularning safiga borib qo‘shilishni maqsad qilishgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbir natijasida ular qo‘lga olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







