Jizzaxda “uchar” bank xodimi 11 kishining nomiga soxta kredit rasmiylashtirdi
Unga oddiy fuqaro ham sherik bo‘lgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, Baxmal tumanida 11 nafar fuqaroning xabardorligisiz kredit rasmiylashtirib olgan fuqaro va bank xodimi aniqlangan.
Xabarda aytilishicha, Departamentning Baxmal tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro A.N. boshqa bir fuqaro A.ning nomiga yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilib, tumandagi bank filialidan uning xabardorligisiz 50,5 million so‘m onlayn kredit olganligi, shuningdek, bank filiali xodimi bilan o‘zaro til biriktirib, 11 nafar fuqaro nomiga imtiyozli kredit rasmiylashtirib, jami 368 mln so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







