Samarqandda 114 ta soxta qarorga kim imzo chekkan?
Hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish ko‘rsatkichi 2020 yilga nisbatan 2021 yilda 16 taga oshgan.

Maʼlum bo‘lishicha, Samarqand viloyat maʼmuriy sudlari tomonidan 2021 yilda jami ko‘rib chiqilgan 1148 ta maʼmuriy ishlardan 419 tasi hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq toifadagi nizolar ko‘rilgan.
Shundan, 114 ta ish bo‘yicha hokimlarning qarorlari haqiqiy emas deb topilgan. Tuman (shahar) hokimlari tomonidan qarorlar qabul qilishda qonun talablariga yetarli darajada rioya etilmaganligi sababli sudlar tomonidan hokimliklarga nisbatan 33 ta xususiy ajrim chiqarilgan.
Jumladan, Pastdarg‘om tuman hokimning 36 ta, Samarqand shahar hokimining 24 ta, Samarqand tuman hokimining 10 ta, Bulung‘ur tumani hokimining 7 ta, Urgut, Toyloq, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahar hokimlarining 5 tadan qarorlari haqiqiy emas deb topilib, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari sud tomonidan tiklandi.
Bu haqda Samarqand viloyati maʼmuriy sud raisi T. Fayziyev xalq deputatlarining navbatdagi sessiyasida xabar berdi.







