1 yarim millionlik oyligi bir kunda 1000 dollar bo‘lgan o‘qituvchi
O‘ktam Mardonov 10 yillik tajribaga ega murabbiy.

U Navoiy davlat konchilik instituti akademik litseyida ona tili va adabiyot fanidan dars bergan. Faoliyati davomida oddiy o‘qituvchilikdan direktor lavozimigacha ko‘tarilgan.
“Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorini O‘ktam aka yaxshi imkoniyat deb bildi. Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan olis va chekka hududlardagi byudjet tashkilotlariga ishga qabul qilingan oliy maʼlumotli mutaxassislarga BHMning 50 baravari (11 millon 150 ming so‘m) miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik uchun BHMning 2 baravari (446 ming so‘m) miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanadi.
Moddiy rag‘bat barchaga yoqadi va mehnat unumdorligiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
“Litseyda dars berish, o‘quvchilar bilan ishlash maroqli. Lekin u yerda o‘qituvchilar uchun bunday rag‘batlantirishlar bo‘lmagan. Menga shahar sharoiti yaxshi tanish. Qishloq hayoti esa begona. Chekka hududdagi qishloqlarda yangiliklar qilish menga qulay imkoniyat edi. 1000 dollar maosh uchun shahardagi qulay sharoit, issiq-sovuq suv va gazdan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Avvaliga farzandlarim "qishloqqa boramizmi", deya rozi bo‘lishmagan. Keyinchalik bir-birimizni tushungan holda rahbarlar tomonidan kelgan ushbu taklifga oilaviy rozi bo‘ldik”, — deydi o‘qituvchi.
O‘ktam Mardonov Samarqand viloyati Qo‘shrabod tumani Jo‘sh qishlog‘idagi 19-maktabda direktor lavozimida ish boshlagan. Ushbu maktab shahardan 40 km olisda joylashgan. Ish boshlagan vaqtda qishloqdagilar orasida “pul uchun kelgan” degan gap-so‘zlar ham bo‘lgan. Nahotki, shaharning barcha zamonaviy imkoniyatlarini ko‘rgan odam, pul uchun qishloqqa borsa?! Ammo qahramonimiz bu fikrlarni rad etdi. Uni bu kabi gap-so‘zlar yengolmagan.
"Odamlarning turli gaplariga eʼtibor qilmay, ularga o‘zimni shaxsiy namuna sifatida namoyish etdim. Ertalabki soat 06:00 dan 08:00 gacha o‘quvchilarga bepul qo‘shimcha dars o‘taman. Keyin maktabga yo‘l olaman. Belgilangan ish vaqti tugagandan so‘ng, qo‘shimcha vaqtda har bitta o‘qituvchini yonimga chaqirib yordam bera boshladim.
Menga topshirilgan maktab “kundalik.com” bo‘yicha tumandagi 90 ta maktab ichida 88-o‘rinda edi. Ammo 6 oylik harakatlar samara berib, natijani 4-o‘ringa olib chiqdik. 4-5-sinf o‘quvchilari ham pul yo‘qligidan dehqonchilik qilib pul topishadi. Ularni bilimini oshirish maqsadida har hafta bitta badiiy kitob o‘qib, o‘sha kitob ustida bahs-munozara o‘tkazadigan bo‘ldik. Shundan so‘ng, o‘quvchilar uydagi ishlardan qochib, maktabda kechgacha kitob o‘qib o‘tirishni odat qildi", — deydi u.
Qishloq hayoti O‘ktam akaning yangi qirralarini ochdi. U endi nafaqat o‘qituvchi, rahbar, balki qishloqning oddiy dehqoni hamdir.
"Hovlimizda qulupnay yetishtiramiz. Maktabdagi qarovsiz yerdan unumli foydalanib, bog‘ barpo etyapmiz. Maktabda har bir o‘qituvchining bittadan daraxti bo‘lishi kerak, degan g‘oyani ilgari surdim. Bu barcha o‘quvchilarga, hattoki ularning ota-onalariga ham maʼqul kelib, ko‘chatlar olib kela boshladi”, — deydi O‘ktam aka.
Fotima Nabiyeva







