O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildi
Davlatimiz rahbari Qasim-Jomart Toqayevni Birinchi Prezident kuni bilan samimiy qutladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Amaliy hamkorlikka oid qo‘shma loyiha va dasturlarni, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezidentlar xalqaro kun tartibini, jumladan, shu oyda O‘zbekiston Respublikasi raisligida bo‘lib o‘tadigan MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini ham muhokama qildilar.
Hamdo‘stlik va boshqa mintaqaviy hamda global tuzilmalar doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.
Suhbat so‘ngida qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga ikki tomonning ham intilishi qatʼiy ekani tasdiqlandi.







