Dori-darmon va tibbiyot vositalari narxi ko‘rib chiqiladi
Mamlakatimizda eng zarur bo‘lgan dori-darmon vositalari narxini kamida 30 foizga arzonlashtirish bo‘yicha barcha choralar ko'riladi.

Shavkat Mirziyoyev:
— Shu o‘rinda, yana bir fikrni aytib o‘tish joiz. Biz, jamiyatimizda zamonaviy meditsina va xalq tabobati bir-biriga raqobatchi yoki dushman emas, balki, yaqin hamkor degan muhim tushunchani shakllantirishimiz kerak. Bizda qanchadan-qancha mashhur tabiblar dunyodan o‘tib ketyapti. Afsuski, ular bilan birga ilmi va tajribasi ham yo‘qolib ketyapti. Shu bois, xalq tabobatini keng targ‘ib qilish, “Ibn Sino merosining bilimdonlari” tanlovlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq, — dedi Prezidentimiz.
Bundan tashqari, dorilar narxi tushirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqotida maʼlum qilinishicha, aholini arzon, sifatli dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan uzluksiz taʼminlash choralari ko‘riladi.
— Bu borada aholidan 550 ta murojaat kelib tushgan. Umuman, mamlakatimizda eng zarur bo‘lgan dori-darmon vositalari narxini kamida 30 foizga arzonlashtirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘ramiz. Buning uchun, kelgusi besh yilda dori-darmon va tibbiyot vositalari ishlab chiqarish hajmi 3 baravarga oshirilib, mahalliy dori vositalari bilan taʼminlash darajasi 80 foizga yetkaziladi, — dedi davlatimiz rahbari.







