Yana eski mashmasha: tadbirda yupun kiyimli qizlar raqsga tushdi
Ushbu holat Toshkent va Xorazmda bo‘lgani aytilmoqda.

Birlamchi maʼlumotlarga qaraganda, Xorazm viloyati Shovot tumani hokimligi tumanda o‘tkazilayotgan sumalak saylidan tasvirlarni eʼlon qildi.
Fotosuratlarda havoda atlas ko‘ylak kiygan kichkina qizlar qaltirab raqs tushish uchun tayyorlanayotgani aks etgan.
Oradan biroz vaqt o‘tib, xuddi shunday fotolavhalar Toshkent shahri Qibray tumanida ham o‘tkazilgan “Assalom, Navro‘z!” tadbirida o‘quvchi qizlar yupun kiyimda raqsga tushayotgani aks etgan surat tarqaldi.
Suratda qalin kiyimdagi odamlar sovuqda qaltirab raqsga tushayotgan qizlarni tomosha qilib turganini ko‘rish mumkin.
Mazkur holat yuzasidan izoh bergan Xalq taʼlimi vazirligi Matbuot kotibiga ko‘ra, vazirlik tomonidan avval ham bir necha bor turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda o‘tkazish, bolalar bilan suratlardagi kabi holatlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish berilgan va bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan masʼul shaxslarga choralar ham qo‘llanilgan.
“Shunga qaramay hali hamon joylarda bunday noxush holatlar afsuski davom etmoqda. Ayni damda fotosuratlardagi holatlar qaysi maktab tomonidan yo‘l qo‘yilgani o‘rganilmoqda”, — deyiladi xabarda.







