Vladimir Jirinovskiyning vafot etgani rostmi?
Rossiya ommaviy axborot vositalari LDPR rahbari Vladimir Jirinovskiy 75 yoshida vafot etgani haqida rasmiy tasdiqlanmagan xabarlar tarqatdi.

Ammo Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Jirinovskiyning o‘limi haqidagi xabarlarni rad etdi:
"Uning ahvoli haqiqatan ham og‘ir. Bugun u kompyuter tomografiyasidan o‘tdi. Biz undan xavotirdamiz. Shifokorlar u uchun kurashmoqda. O‘zi ham ajoyib yigit. Tezroq tuzalib ketishini tilab qolamiz", — degan u.
Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ham ayni paytda Jirinovskiyning ahvoli barqarorligini tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, shifokorlar barcha zaruriy tibbiy yordamni ko‘rsatishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Jirinovskiy 2-fevral kuni koronavirus bilan kasalxonaga yotqizilgan. O‘shandan beri ommaviy axborot vositalari uning ahvolining yomonlashuvi haqida ko‘plab norasmiy maʼlumotlarni chop etdi. Biroq LDPR matbuot xizmatida bunday maʼlumotlarning hammasi mish-mishlar deb ataldi va ularni rad etdi. Oxirgi marta 21 mart kuni LDPRda Vladimir Jirinovskiy shifokorlar rejasiga muvofiq davolanishni davom ettirayotganini, kasallikdan so‘ng reabilitatsiya jarayoni biroz vaqt talab etishini aytgandi.







