Fernandino shu yil yozda “Manchester Siti”ni tark etadi
Futbolchi Braziliyaga qaytishni rejalashtirmoqda.

“Manchester Siti” yarimhimoyachisi Fernandino jamoadagi faoliyatini yakunlab, Braziliyaga qaytmoqchi ekanini ma’lum qildi.
“Kelasi mavsumda ’Man Siti’da qolaman deb o‘ylamayman. Men ko‘proq o‘ynashni istayman. Shuning uchun Braziliyaga qaytmoqchiman. Oilam bilan bir qarorga kelib bo‘ldik. Bu mavsum Yevropadagi so‘nggi yilim”, — degan Fernandino “Atletiko”ga qarshi YeCHL chorakfinali javob o‘yini oldidan.
Qayd etilishicha, futbolchining bu gapi Gvardiola uchun kutilmagan hol bo‘lgan.
“Bu haqda bilmasdim, hozir eshitdim. Mavsum yakunlansin, ko‘ramiz. Nima bo‘lishini bilmayman”, — degan Pep.
Ma’lumot uchun: braziliyalik 37 yoshli yarimhimoyachi 2013-yildan buyon “Manchester Siti” safida to‘p surib kelmoqda. Uning shartnomasi yozda nihoyasiga yetadi. U “shaharliklar” safida 4 karra APL g‘olibi bo‘lgan.








