Tojik-qirg‘iz chegarasi notinch: tunda otishma bo‘ldi
Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida sodir bo‘lgan otishma oqibatida chegarachilar yaralangan.

Mojaro 12 aprel kuni So‘g‘d viloyati G‘ofurov tumanining Bobojon tumani Xstevarz va Botken viloyatining Leylek tumani Borborduq qishloqlari chegarasida ro‘y bergan.
Otishma natijasida Xatlon viloyati Do‘sti tumanida yashovchi 27 yoshli serjant Zoir Saidumarov og‘ir yaralangan.
Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatining Axborot va kommunikatsiyalar departamenti xabar berishicha, voqea Qirg‘iziston chegarachilari xizmat qilgan hududda sodir bo‘lgan.
Qirg‘iziston tomonining so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni hududda paydo bo‘lgan tojik chegarachilari qirg‘izistonlik harbiy xizmatchilarni ko‘rib, “davlat chegarasining shartli chizig‘i tomon harakatlanishda davom etgan”.
“Qirg‘iziston chegarachilarining to‘xtash va chegara chizig‘idan o‘z hududiga o‘tish to‘g‘risidagi talablariga tojik chegarachilari eʼtibor bermay, chegarani kesib o‘tib, Qirg‘iziston hududiga 20 metr chuqurlikda kirib borishdi. Tojikiston chegarachilarining hududga chuqur kirib borishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Qirg‘iziston Respublikasi Chegara xizmati chegara otryadi havoga ogohlantiruvchi o‘q uzdi. Javob sifatida Tojikiston chegara qo‘shinlari tomonidan Qirg‘iziston chegarachilariga qarata o‘t ochildi”, — deyiladi agentlik xabarida.







