Tarix yaratgan va yaratayotgan futbolchilar
Muxlislar e’tirofiga sazavor bo‘lgan eng kuchli charm to‘p ustalari haqida bilasizmi?

Futbol professional sport turi sifatida rivojlana boshlagandan beri, juda ko‘plab futbol iqtidorlari, yulduzlari yetishib chiqdi. Mazkur sport turi bugungi kunda milliardlab ishqibozlarning maroq bilan tomosha qiladigan o‘yinlaridan biridir. Ayniqsa, ular sevimli jamoalari ishtirokida bahslarni intiqlik bilan kutishadi. Jamoasining g‘alabalaridan xursand bo‘lishadi. Futbol ko‘plab iste’dodlarni yuzaga chiqardi. Ular yillar davomida muxlislarga qiziqarli va maroq bilan tomosha qiladigan o‘yin namoyish etishdi. O‘zlaridan tarix qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirgi kunda ham talantlar kashf etilishda davom etmoqda. Bu zanjir uzilib qolgani yo‘q. Biz bugun futbol tarixida eng kuchli o‘yinchi maqomini olgan 10 nafar futbolchi haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
1-o‘rin — Pele
“Futbol qiroli” dunyoning eng yaxshi futbolchisi maqomini yo‘qotgani yo‘q. Uning faoliyati barcha charm to‘p ustalari uchun havas namunasidir. Pele uch karra jahon chempioni bo‘ldi. Braziliyalik futbolchining oltin yillari 60 yillarga to‘g‘ri keldi. Pele 17 yoshida terma jamoada debyut qilgan. Braziliyaning “Santos” klubida o‘ynab, turli turnirlarda bir mavsum davomida 90, 100, 110 gol muallifi. Bu har qanday futbolchi takrorlashi qiyin bo‘lgan raqamlardir.
Pelening boshqalardan o‘ziga xos texnikasi va tezligi bilan ajralib turgan. Shu tufayli u himoyachilarni osongina dog‘da qoldirib, ajoyib gollar kiritdi. Hatto professional sportchilar ham uning tezligiga havas qilishgan.
2-o‘rin — Lionel Messi
Argentinalik hujumchi hali faoliyatini yakunlagani yo‘q. Ammo u allaqachon yorqin o‘yinlari bilan butun dunyo futbol muxlislarining e’tirofiga sazovor bo‘lgan. “Barselona” akademiyasida mazkur sport sirlarini o‘zlashtirgan Messi kataloniyaliklar safida 18 mavsum o‘tkazdi. Leo noyob driblinglari orqali raqib futbolchilarini dog‘da qoldiradi. Hujumchi faoliyatining cho‘qqisi Xosep Gvardiola klubda ishlagan davrga to‘g‘ri keladi. Murabbiy qo‘li ostida futbol bir qancha sovrinlarni qo‘lga kiritdi.
Messi 7 bor “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi. Bu futbolchiga olti marta dunyoning eng yaxshi futbolchisi degan nomga sazovor bo‘ldi. Futbolchi «Barselona» safida 778 ta o‘yinda 672 ta gol urib, 305 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Kataloniya klubi bilan 4 marta Chempionlar ligasida zafar quchdi. Argentina terma jamoasi safida esa 151 ta o‘yin o‘tkazib, 76 ta gol urdi. Terma jamoa tarkida 2014 yilgi jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘tgan yili Amerika chempionligini qo‘lga kiritdi. Hozirda futbolchi Parijning “PSJ” klubi sharafini himoya qilib kelmoqda.
3-o‘rin – Diyego Maradona
Yana bir buyuk argentinalik o‘zining yorqin o‘yini bilan futbol tarixida yodda qoldi. U bir o‘yinchining o‘zi jamoani chempionlik sari yetaklashi mumkinligini isbotladi. 1986 yilda Maradona boshchiligidagi Argentina terma jamoasi jahon chempioniga aylangandi. Maradonaning ajoyib gollari esa butun dunyoni hayratga soldi. “Napoli” klubidagi faoliyati haqida ham shunday deyish mumkin.
Maradona kelguniga qadar Neapol jamoasi haqida juda kam odamlar bilar edi. Ammo argentinalik futbolchi klubni Italiya futbolining yuqori pog‘onasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. A Cyeriya kabi qiyin chempionatda Maradona tarix yaratishga erishdi.
1990 yilgi jahon chempionatida Maradona boshchiligida Argentina termasi yana finalga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq hal qiluvchi o‘yinda kuchli Germaniya terma jamoasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Argentinalik futbol afsonasi Diyego Maradona 2020 yilning 25 noyabr kuni 60 yoshida olamdan o‘tdi.
4-o‘rin - Frans Bekkenbauer
Nemis himoyachisi hujumga ham qo‘shila oladigan birinchi himoyachi bo‘lib futbol tarixidan joy oldi. Uning pozisiyasi «libero» (erkin himoyachi) deb atala boshlandi. Uning iqtidori haqida ko‘p gapirish mumkin, lekin o‘yin sifatining asosiy ko‘rsatkichi 2 ta “Oltin to‘p” hisoblanadi. Bu Bekkenbauer faoliyatigacha ham, undan keyin ham hech bir himoyachiga nasib qilmagan sovrin hisoblanadi.
Frans 3 marta Chempionlar Kubogiga ega bo‘lib, bitta Jahon kubogi va yana bir Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan. Maydonda Bekkenbauer o‘zining aqlli o‘yini va raqibning harakatlarini oldindan ilg‘ay olish qobiliyati bilan ajralib turardi.
5-o‘rin — Yoxan Kroyff
“Uchib yuruvchi golland” haqli ravishda eng yaxshi besh futbolchidan biri hisoblanadi. U Gollandiya terma jamoasining “total futbol”ining dirijyori edi. 70 yillar boshida bu terma jamoani hamma eslaydi. Bu davrda Yoxan Kroyff 3 ta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi. U “Ayaks” tarkibida ham ko‘plab yorqin o‘yinlar o‘tkazdi va uch marta Chempionlar kubogi sohibiga aylandi.
O‘ziga xos paslari, vaziyatni his qilish, tezkor kombinasiyalarda qatnashish va maydonning turli nuqtalaridan gol urish Kroyffni futbol tarixidagi eng yaxshilaridan biriga aylantirdi. U o‘z g‘oyalarini «Barselona»dagi murabbiylik lavozimiga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi.
6-o‘rin - Zinedin Zidan
Tarixdagi eng aqlli futbolchilardan biri. Fransiyalik yarim himoyachi maydonda yakkama-yakka kurashni, nozik pas berishni, oyog‘i va boshi bilan gol urishni qoyilmaqom ijro etardi. Aynan uning chiroyli o‘yini 1998 yilda Fransiya terma jamoasiga ilk bor jahon chempioni bo‘lishiga imkon bergan. Ko‘pchilik favorit hisoblagan braziliyaliklar darvozasiga Zidan 2 ta gol urishga erishgan.
Zidan “Real Madrid”, “Yuventus” kabi klublarda ajoyib o‘yinlarni o‘tkazdi. Fransuz optimal formada bo‘lganida, qo‘polliksiz undan to‘pni tortib olishning iloji yo‘q edi. “Megamaster” o‘zining mukammal to‘p uzatishi va to‘p nazorati bilan yodda qoldi. Oyoqning istalgan qismi bilan u ajoyib pas bera olardi. Futbolchi 2000 yil Yevropa chempioni, 3 karra “Oltin to‘p” sohibi, 2002 yil Chempionlar kubogi sohibiga aylandi.
7-o‘rin — Krishtianu Ronaldu
Portugaliya terma jamoasining uzoq yillik yetakchisi. 2016 yilgi Yevropa chempioni, ajoyib to‘purar – Krishtianu Ronaldu dunyoning eng yaxshi futbolchisi unvoni uchun Messining azaliy raqobatchisi. Uning mahorati va qiyin vaziyatlarda ham gol urish qobiliyati ko‘plab yutuqlarga olib keldi.
“Real Madrid” safida to‘p surgan Ronaldu 486 uchrashuvda 475 ta gol urdi. Portugaliyalik futbolchi “Yuventus” safida 145 o‘yinda 107 ta golga mualliflik qildi. U 5 bor “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi. Portugaliya terma jamoasi safida esa 180 ta o‘yinda Krish 111 ta gol urdi. Ronalduning jarima zarbalaridan chiroyli gollar urish qobiliyatini hamma biladi. 37 yoshida u yaxshi potensialni saqlab qolmoqda. Hozirda futbolchi “Manchester Yunayted”da asosiy o‘yinchi hisoblanadi.
8-o‘rin — Mishel Platini
Jahon futbolida sezilarli iz qoldirgan yana bir fransuz. Fransiya jamoasining 80 yillardagi o‘yinini hamma eslaydi. 1984 yilda u Mishel Platini boshchiligidagi jamoa Yevropa chempioni bo‘ldi. 1983 yildan 1985 yilgacha ketma-ket 3 ta “Oltin to‘p” fransuz futbolchisiga taqdim etildi.
Platinining ayyor harakatlarini hatto tajribali himoyachilar o‘qiy olmasdi. Mishel vaziyatlar yaratib, ularni yakunlay olardi. Uning Fransiya va “Yuventus”dagi yorqin o‘yini ko‘pchilikning yodida qolgan.
9-o‘rin — Lev Yashin
“Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan birinchi darvozabon. Lev Yashin kuchli darvozabon sifatida futbol tarixidan muqim joy olgan. U jarima maydonchasida ham, undan tashqarida ham faol ishtirok eta olardi. Yashin ajoyib seyflari va qo‘li bilan sheriklariga to‘pni uzoq va aniq tashlab berish qobiliyati bilan ajralib turardi. Terma jamoa va “Dinamo”dagi o‘yinlari uchun u ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
10-o‘rin — Ferents Pushkash
Haqiqiy gol ustasi. Vengriyalik hujumchi Ferens Pushkashning faoliyati, birinchi navbatda, klub miqyosida muvaffaqiyatli bo‘ldi. Tarixdagi eng yaxshi futbolchilar tilga olinsa, uning nomi ko‘pincha reytingga kiradi. Futbolchining eng muvaffaqiyatli davri “Real Madrid” klubida bo‘lib, Ferens bu yerda 840 o‘yinda 830 ta gol urgan. Madrid klubida u 3 marta yevrokuboklarni qo‘lga kiritgan. Pushkash Vengriya terma jamoasi safida 170 ta o‘yin o‘tkazib, 270 ta golga mualliflik qilgan.
Ferens Vengriya terma jamoasi tarkibida Olimpiya o‘yinlari chempioni va 1954-yilgi jahon chempionatining kumush medali sovrindori bo‘lgan. U o‘tgan asrning 50 yillarida dunyoning eng yaxshi futbolchisi edi.
Muallif: Jamshidbek AMIROV








