O‘zbek klublarining Chempionlar ligasidagi ishtirokiga nazar
Musobaqaning guruh o‘yinlari oxirlamoqda.

Shu kunlarda Saudiya Arabistonida klublar o‘rtasida Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqich o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston sharafini Qarshining “Nasaf” hamda Toshkentning “Paxtakor” klublari himoya qilmoqda. Ayni damda “Paxtakor” guruhdan chiqishni eplolmagan bo‘lsa, “Ajdarlar” bu imkonyatni hali saqlab qolmoqda. Biz bevosita klublarimizning xalqaro maydondagi ishtiroki haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Voqealar qanday rivojlandi?
“Paxtakor” o‘tgan mavsum O‘zbekiston chempioni sifatida Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mamlakat chempionatida ishonchli harakatlari bilan g‘olib bo‘lgan, “She’rlar” chempionlar ligasida qoniqarsiz ishtirok etdi. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘ldi? “Paxtakor” turnirning birinchi turida Eronning “Sepaxon» klubiga qarshi bahs olib bordi.
O‘yinda hisobni birinchi bo‘lib ochgan toshkentliklar, natijada raqibiga 3:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ikkinchi turda esa jamoa Saudiya Arabistoni klubi “Al-Taьavun”ni 1:0 hisobida yengishga mufaqqat bo‘ldi. Mana shu g‘alaba orqali “Paxtakor” klubi uch ochko jamg‘ara oldi.
Hozircha klub bundan boshqa ochko yig‘a olmadi. Uchinchi turda “Duxayl”ga 3:2, to‘rtinchi turda esa yana Qatar klubiga qarshi maydonga tushgan “Paxtakor” bu safar yirik 3:0 hisobida mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rishga majbur bo‘ldi.
5-turda Eronning “Sepaxon” jamoasi bilan bahs olib borgan klubimiz bu gal ham eronliklarni mag‘lub eta olmadi. O‘yin 2:1 hisobida raqib foydasiga hal bo‘ldi. Shu tariqa toshkentliklar guruhda uch ochko jamg‘argan holda, so‘nggi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa bugun chempionatning so‘nggi turida “Al-Taьavun” bilan to‘qnash keladi.
Kutganmidingiz?
Menimcha, ko‘pchilik futbol muxlislari Osiyo chempionlar ligasida “Paxtakor” bu darajada nursiz o‘yin namoyish etadi, deb o‘ylashmagandi. O‘zbekiston chempionlaridan guruh bosqichidan chiqish yoki hech bo‘lmaganda chorak finalga qadar yetib borishi kutilgandi. Biroq, ko‘pchilik kutgan natijalar qayd etilmadi.
Klubning ishonchsiz o‘yini ko‘plab o‘zbek muxlislarining hafsalasini pir qilgani tabiiy. Bevosita, jamoaning guruh bosqichidagi o‘yinlari haqida gapiradigan bo‘lsak. “Paxtakor”ning imkoniyatlari bemalol raqiblarini mag‘lub etishga yetardi. Jamoamiz guruh o‘yinlarida asosan oxirgi daqiqalarda darvozasidan to‘p o‘tkazib yubordi.
Birgina birinchi turda “Sepaxon”ga qarshi o‘tgan o‘yinning birinchi bo‘limida “Sherlar” hisobda oldinda bora turib, keyin ketma-ket uchta to‘p o‘tkazib yubordi. Yoki bo‘lmasa, 3-turda “Duhayl” bilan to‘qnash kelgan toshkentliklar uchrashuvning birinchi bo‘limida 1:0 hisobida oldinda borib, keyinchalik raqibiga 3:2 hisobida imkoniyatni qo‘ldan boy berdi.
Jamoaning qolgan o‘yinlarini ham kuzatadigan bo‘lsak, asosan ular ikkinchi taymda mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rishgani guvohi bo‘lamiz. Bu orqali “Paxtakor” a’zolarining jismoniy imkoniyati past ekanligini kuzatishimiz mumkin.
“Ajdarlar” “Sherlar”ning o‘rnini bosdi
Osiyo maydonlarida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan yana bir klubimiz “Nasaf” hozircha muxlislarning e’tibor markazida turibdi. Chempionatdagi eng yosh tarkibga ega jamoa deb e’tirof etilgan qarshiliklar hozirda ajoyib o‘yin namoyish etishmoqda. Ayniqsa, so‘nggi turda “Al-Sadd” ustidan 3:1 hisobida qozonilgan g‘alaba o‘zbekistonlik futbol muxlislarini xursand qildi.
Hozirda Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari guruhda 8 ochko jamg‘argan holda, ikkinchi o‘rinni band etib turibdi. Jamoa so‘nggi turda ham g‘alaba qayd etib, birinchi o‘rindagi “Al-Faysali” ochko to‘play olmasa, klubimiz guruhda peshqadam safatida keyingi bosqichga yo‘l oladi. Agar “Al-Faysali” g‘alaba qozonsa va “Nasaf” uch ochko olgan taqdirda, qarshiliklar eng yaxshi ikkinchi o‘rin sohibi sifatida pley-offga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Nasaf” chempionatdagi birinchi o‘yinini Qatarning “Al-Sadd” klubiga qarshi o‘tkazdi. Hujumdan charchamaydigan va gol urishdan to‘xtamaydigan qatarliklar bilan o‘tgan o‘yinda “Nasaf” durang natijaga imzo chekdi.
Uchrashuvda Ikki o‘yinchi ko‘p bo‘lib o‘ynagan Qarshi klubi “Al-Sadd”ni mag‘lub etishi talab etilgandi. Biroq, o‘yinda yaratilgan imkoniyatlardan futbolchilar foydalana olmadi. Shu tariqa, klubimiz chempionatni durang natija bilan boshladi. Turnirning ikkinchi turida jamoamiz ishonchli g‘alaba qozondi. Bu safar “Nasaf” Iordaniyaning “Al-Vehdat” klubi ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Qolgan turlarda “Al-Faysali”ga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, 4-turda ham Saudiya Arabistoni klubiga qarshi maydonga tushgan “Ajdarlar” durangga imzo chekdi. Oxirgi o‘yinda esa Qatarning “Al-Sadd” jamoasi 3:1 hisobida taslim etildi. Ertaga Berdiyev shogirdlari “Al-Vehdat” bilan bahs olib boradi. Jamoamizning keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatlari yuqori.
Tartibli o‘yin mevasi
“Nasaf” hozircha muxlislar ishonchini oqlamoqda. Klubdan birinchi turda “Al-Sadd”ni mag‘lub etish talab etildi. Biroq, jamoa bo‘lib himoyalanishni uddasidan chiqqan qatarliklar bir ochkoga ega bo‘lishdi. 5-turda esa “Nasaf” birinchi turda vada qilingan g‘alabani taqdim etdi. Qolgan o‘yinlarda ham jamoa o‘yinchilariga biroz tajriba yetishmayotganini kuzatishimiz mumkin. Sababi klub a’zolarining aksariyatini yosh futbolchilar tashkil etadi.
“Al-Faysali”ga qarshi kechgan ikki o‘yinda ham qarshiliklar g‘alaba qozonishi mumkin edi. Biroq, o‘sha biroz tajriba va ishonchning yetishmasligi klubga pand berdi. Shuning hisobiga hozirda saudiyaliklar guruhda peshqadamlikni saqlab qolmoqda. Muhimi Qarshi shahri jamoasi o‘zining tartibli o‘yini orqali kerakli bo‘lgan ochkolarni jamg‘armoqda.
Muallif: Jamshidbek Amirov








