Jahon Banki: Asosiy tovarlar narxi maksimal darajada qimmatlashadi
Bu ko‘rsatkich ikki yil davomida saqlanib qolishi taxmin qilindi.

Jahon Banki “Tovar-xomashyo bozorlari istiqboli” nomli yangi hisobotini eʼlon qildi. Unda keyingi ikki yilda mahsulotlar narxlari haqida so‘z boradi.
Hisobotga ko‘ra, Rossiya-Ukraina harbiy mojarosi tufayli neft, metall va boshqa xomashyo mahsulotlari narxi 2024 yil oxiriga qadar yuqori ko‘rsatkichlarda turadi.
“Umuman olganda, bu 1970 yillardan buyon kuzatilgan eng yirik shok holat hisoblanadi. Hozir ham shok oziq-ovqat, yoqilg‘i va o‘g‘itlar savdosiga cheklovlar kengayishi orqali chuqurlashmoqda”, – degan Jahon Banki vitse-prezidenti Indermit Gill.
Bank 2022 yilda energetik resurslar narxi 50 foizga oshishini taxmin qilgan, ammo u 2023-24 yillarda pasayadi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi tovarlari va metall narxi joriy yilda 20 foizga ko‘tariladi, ammo keyingi yillarda bu o‘sish sekinlashadi.
Oziq-ovqat mahsulotlari o‘tgan yilga nisbatan 22.9 foizga oshadi, ammo 2023 yilda o‘sish 10.4 foizni tashkil etadi. Bank eng yuqori o‘sishni isteʼmol yog‘larida kutmoqda – 29.7 foiz. Shuningdek, mineral o‘g‘itlar bahosi 69.2 foizga ko‘tariladi. Bu qishloq xo‘jaligi tovarlarining qimmatlashuviga qo‘shimcha sabab bo‘ladi.
Avvalroq Jahon Bankining global iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlari eʼlon qilingandi.







