Jasur Yaxshiboyev Moldova klubidan ketdi
Avvalroq futbolchi o‘z faoliyatini Yevrorada davom ettirmoqchi ekanini aytgandi.

Yakunlangan mavsumni “Sherif” safida o‘tkazgan Jasur Yaxshiboyev Moldova klubi bilan xayrlashdi. Bu haqda Tribuna.uz xabar berdi.
Yozda Polshaning “Legiya” klubidan ijara asosida “Sherif” safiga qo‘shilib, Chempionlar ligasida to‘p surgan Yaxshiboyev YeCHL 2-turi doirasida Madridda “Real”ga qarshi bahsda gol kiritib, jamoasining sensasion g‘alabasiga (2:1) hissa qo‘shgan edi.
YeCHLda 3 o‘yinda bitta gol urgan, Yevropa ligasi pley-off uchrashuvida “Braga”ga qarshi ikkita bahsda maydonga tushgan Yaxshiboyev Moldova chempionatida bor yo‘g‘i 6 ta o‘yin o‘tkazib, bitta golga mualliflik qildi. Shunga qaramay, jamoasi bilan Moldova chempioniga aylandi.
Avvalroq 24 yoshli futbolchi mavsum yakunlangach, faoliyatini Yevropada davom ettirmoqchi ekani, unga Portugaliya klubidan taklif borligi haqida ma’lum qilgan edi.








