Litsenziyasiz nodavlat OTMlar bergan diplomlar “o‘tmaydi”
Bu “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasida keltirib o‘tilgan.

Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari, ularning haqqoniyligi, yaʼni oliy taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziyasi mavjudligini tekshirishda eʼtibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlari aytildi.Bu haqda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulov maʼlum qildi.
Mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, 2018 – 2020 yillar oralig‘ida litsenziyaga ega bo‘lgan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni 13 tani tashkil etgan bo‘lsa, amalga oshirilgan islohotlar natijasida birgina 2021-yilning o‘zida 21 ta nodavlat oliy taʼlim tashkiloti faoliyati litsenziyalandi.
Ushbu nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan beriladigan diplomlar O‘zbekistondagi boshqa oliy taʼlim muassasalari diplomlari qatorida tan olinadi.
Afsuski, ayrim holatlarda nodavlat oliy taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan yoki faqatgina o‘quv markazi sifatida faoliyat olib borish huquqiga ega bo‘lgan baʼzi tashkilotlar fuqarolarimiz o‘rtasida o‘zini xususiy oliygoh sifatida tanishtirib, abituriyentlarni o‘qishga jalb qilishga urinishlar kuzatilmoqda.







