Qozog‘istondagi YTHda jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi
Bugun baxtsiz hodisa oqibatida yana bir fuqaro vafot etdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirining masullari kecha, 13 may kuni soat 18:05 da Jualin tumanining markaziy shifoxonasiga yetib borib, iiki davlat hamkorligi asosida tashkiliy va amaliy harakatlar olib borildi. Bu haqda Transport vazirligi rasmiy kanali xabar berdi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, Qozog‘iston masʼullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishda yaqindan ko‘mak berishdi.
Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 2 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzili – Buxoro va Xorazm viloyatlariga yuborildi. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan marosim tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bugun, 14 may kuni baxtsiz hodisa oqibatida yana bir fuqaro vafot etdi. Ayni paytda marhumni olib kelish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Xabarga ko‘ra, olib kelingan 23 nafar fuqarodan, 18 nafar jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga joylashtirildi, 5 nafar fuqaroning ahvoli yaxshi bo‘lgani uchun uyiga javob berildi.
Hozirgi vaqtda markazga joylashtirilgan fuqarolarning ahvoli shifokorlarning qatʼiy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar o‘tkazilmoqda.







