“Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” muloqotining navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi
Unda O‘zbekiston nomidan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov ishtirok etgan.

2022 yil 17 may kuni Bryusselda Siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi muloqotining navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari hamda Yevropa tashqi harakatlar xizmatining Bosh kotibi o‘rinbosari, siyosiy direktori Enrike Mora ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimizdan tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.
Ishtirokchilar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi so‘nggi o‘zgarishlar, umumiy xavfsizlik muammolari, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha ular o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek, suv resurslari, energetika, chegaralarni boshqarish va savdoni qulaylashtirish kabi keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha mintaqalararo hamkorlikni muhokama qildi.
Tomonlar tinchlik, barqarorlik va farovonlikning muhim omili sifatida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Markaziy Osiyo o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatishga qaratilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish bo‘yicha vazirlar konferensiyasini Samarqand shahrida o‘tkazilishini olqishladilar.
Uchrashuv ishtirokchilari Afg‘onistondagi vaziyat, shuningdek, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari yuzasidan ham fikr almashgan.







