YPX xodimini videoga olib, tarqatish haqidagi qaror bekor bo‘ldimi?
Qonun loyihasiga ko‘ra, xodimni tasvirga olib uni ijtimoiy tarmoqda tarqatish maʼmuriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin edi.

Gap shundaki, Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda fraksiya majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgandi.
Muhokama jarayoni boshlanishidan avval fraksiya aʼzosi Firdavs Sharipov qonun loyihasining qator moddalarida jarimalar miqdorini oshirish, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilayotgani, ammo buning sabablari asosli ochib berilmaganini taʼkidlab, qonun loyihasini kun tartibidan chiqarib tashlashni taklif qilgan.
Qonun loyihasida oxirgi vaqtlarda keng jamoatchilik tomonidan faol muhokama qilinayotgan yo‘l harakati xodimlarini video va fototasvirga olib tarqatish masalasida ham katta miqdorda jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ular o‘z xizmat burchlarini, yaʼni jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki xaqorat qilish maqsadida Internet axborot tarmog‘ida joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorda jarima yoki o‘n besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Yuqoridagi omillarga asosan qonun loyihasini fraksiya majlisida ko‘rib chiqish rad etildi.







