Nomaʼlum sharoitlarda tayyorlanayotgan ayron sog‘lik uchun qanchalar xavfli?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi hududiy bo‘limlari joylarda nazorat tadbirlarini o‘tkazdi.

Ayron ajoyib chanqoqbosdi ichimlik hisoblanib, uni jazirama paytlarida ichish tanaga huzur bag‘ishlaydi. Organizmda yo‘qotilgan suyuqlik, mineral va vitaminlar o‘rnini qoplash, hatto, ayron yordamida ochlikni yengish mumkin. Ushbu ichimlik ovqat hazm qilish tizimini, ichaklar mikroflorasini yaxshilaydi va shu yo‘l bilan immunitetni kuchaytirishga yordam beradi.
Diyetologlarning so‘zlariga ko‘ra, ayronni xush ko‘ruvchi insonlarda disbakterioz kamdan-kam uchraydi, chunki uni muntazam isteʼmol qilish ichaklardagi mikroorganizmlar faoliyatini normallashtiradi. Ayron o‘pkaga kislorod oqimini taʼminlash orqali nafas olish tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Shu sababdan u bronxial astma, pnevmoniya va bronxitdan aziyat chekayotgan bemorlarga shifokorlar tomonidan tavsiya etiladi.
Bir qancha foydali xususiyatlarga ega bo‘lgan ushbu ichimlikni yoz fasli boshlanishi bilan barcha bozorlarimizda, yo‘l yoqalarida va dam olish maskanlari yaqinida topish mumkin. Bunday nomaʼlum sharoitda tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifatiga kafolat bormi?
Ana shularni o‘rganish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent viloyati boshqarmasining hududiy bo‘limlari tomonidan joylarda nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Jumaladan, Angren shahar bo‘limi xodimlari "O‘zbekiston Mustaqilligi" ko‘chasining yurish yo‘lagida uy va nomaʼlum sharoitlarda tayyorlangan ayron mahsuloti sotilayotgani aniqlandi. Bundan tashqari, "Dehqon bozori"ga yondosh hududlarda ham shu kabi holatlar aniqlanib, sotuvchilarga ogohlantirish xatlari taqdim etildi.
Shuningdek, Chirchiq shahar "Markaziy dehqon bozori" va markaziy ko‘chalarida ham reyd tadbirlari amalga oshirildi. Natijada ikkita holat yuzasidan noqonuniy ravishda, yaʼni maxsus kiyimsiz, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan holda hech qanaqa ruxsatnomasiz qo‘lbola usulda tayyorlangan idishlarda "Andijon muzqaymog‘i " savdosiga chek qo‘yildi.







