Gvardiola Zinchenkodan qutulmoqchi
Ukrainalik futbolchida oltita variant bor.

“Manchester Siti” futbolchisi Aleksandr Zinchenko hozirda Ukraina terma jamoasining asosiy yulduzlaridan biri. Himoyachi olti yildan beri “shaharliklar” tarkibida to‘p surib kelmoqda. U bu vaqt mobaynida jamoa bilan 10 ta sovrinni qo‘lga kiritdi. So‘nggi paytlarda Pep Gvardiola boshqarayotgan ingliz klubidan Aleksandrning ketishi haqida ko‘plab gaplar tarqalmoqda. Futbolchining karyera imkoniyatlari juda ko‘p. Unga hozirning o‘zida bir qator jamoalar qiziqish bildirmoqda.
U Angliyani tark etmoqchi emas
Jarohatlar, koronavirus kasalligi va mavsum boshini o‘tkazib yuborganiga qaramay, ukrainalik futbolchi “Manchester Siti” safida mavsum davomida barcha musobaqalarda 28 ta o‘yinda maydonga tushdi. Masalan, Chempionlar ligasida u 11 o‘yinning beshtasida qatnashdi va “Real”ga qarshi 210 daqiqaning 138 daqiqasini maydonda o‘tkazdi. Angliya chempionatida esa chap qanot himoyachisi sifatida ko‘proq vaqtini zaxirada o‘tkazdi. Baribir himoyachi bo‘lishiga qaramay chempionat davomida 15 o‘yinda to‘rtta golli uzatmani amalga oshirdi.
Birinchilardan bo‘lib «ESPN» nashri Zinchenkoning «Manchester Siti»ni tark etishi mumkinligi haqida yozdi. May oyi o‘rtalarida ushbu nashr bir qancha klublar 25 yoshli ukrainalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi ekani haqida ma’lum qilgan. Biroq jamoalar nomi oshkor qilinmagan. Ma’lumotlariga ko‘ra, «shaharliklar» allaqachon ukrainalikning o‘rniga himoyachi qidirishni boshlashgan.
“Arsenal” va “Vest Xem”
Ushbu xabarlardan so‘ng 10 kun o‘tib Zinchenkoga birinchi davogar “Arsenal” ekanligi ma’lum bo‘ldi. Londonliklar bosh murabbiyi Mishel Arteta ukrainalik futbolchiga qiziqayotgani aytildi. Ma’lum bo‘lishicha 40 yoshli mutaxassis yarim himoyada Aleksandrdan o‘zining sevimli pozisiyasida foydalanishni rejalashtirmoqda. “Manchester Siti”da esa Zinchenko asosan chap qanot himoyasida to‘p surgan. Qayd etilishicha, bungacha «shaharliklar» murabbiylar shtabida ishlagan Arteta ukrainalik bilan juda yaxshi munosabatda. “Arsenal” bosh murabbiyi Zinchenkoga London klubiga o‘tgan taqdirda yarim himoyachi o‘rnini va’da qilgan.
“Everton” va “Nyukasl”
Bundan tashqari "Manchester Siti" Aleksandrning xizmatlarini «Everton» va “Nyukasl” klublariga taklif qilgan. “Everton”da katta ehtimol bilan Zinchenkodan maydon markazida foydalaniladi. “Nyukasl”ga kelsak, ko‘p narsa klubning “Aston Villa”dan Mett Targettni sotib olishiga bog‘liq. “Siti” rahbariyati Zinchenkoga munosib pul taklif qilinsa va uning o‘zi buni xohlasa, uni qo‘yib yuborishga tayyorligini ma’lum qildi. Futbolchining “Everton”ga o‘tishi mumkinligi haqidagi ma’lumotni insayder Fabrisio Romano tasdiqladi.
Boshqalar ham qarab turgani yo‘q
Ayni vaqtda "Manchester Siti" klubi “Inter” himoyachisi Shkrinyarga qiziqish bildirmoqda. Gvardiola jamoasi Zinchenkoni uning uchun qo‘shimcha 30 million yevro to‘lash evaziga taklif qilishga tayyor. Ma’lum qilinishicha, “Inter” slovakiyalik futbolchini saqlab qolmoqchi. Biroq foydali taklifni ko‘rib chiqishga tayyor.
“Barselona” futbolchini u xohlayotgan narxda sotib olishi qiyin masala bo‘lib qolmoqda. Ammo “ko‘k-anorranglilar” “Chelsi” himoyachisi Markos Alonsoni sotib olmasa, Zinchenkoning transferi amalga oshishi mumkin. “Everton” Zinchenkoga asosiy da’vogar deb qaralmoqda. Biroq futbolchi qayerga bormasin, endi unga Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish orzusini amalga oshirish ancha qiyin bo‘ladi. Hozirga qadar ukrainaliklardan faqat Andrey Shevchenko va Anatoliy Timoshchuk bunday sharafga sazovor bo‘lgan.








