Texasda tashlandiq yuk mashinasidan 46 odamning jasadi topildi
Vafot etganlar migrantlar ekani taxmin qilinmoqda.

Avvaliga mashinani qo‘ng‘iroq bo‘yicha voqea joyiga yetib kelgan tez yordam xodimlari aniqlagan. Ular yuk avtomobili tirkamasidan jasadlarni topgan.
Taxminlarga ko‘ra, ular issiqlikdan yoki suvsizlanishdan vafot etgan bo‘lishi ehtimol.
Dushanba kuni San-Antonioda havo harorati 39,4 darajaga yetdi. O‘t o‘chirish xizmati vakilining maʼlum qilishicha, 16 kishi, jumladan, to‘rt bola kasalxonaga yetkazilgan. Omon qolganlar issiqlik urishi va charchoqdan azob chekishdi. Haydovchi tashlab ketgan yuk mashinasida konditsioner va ichimlik suvi bo‘lmagan.
Tergov natijasida uch nafar shaxs qo‘lga olindi, ular hozirda hibsda. San-Antonio shahri AQSH-Meksika chegarasidan 250 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, noqonuniy muhojirlarni AQSHga olib o‘tish uchun tez-tez yuk mashinalaridan foydalanadigan kontrabandachilar uchun asosiy tranzit yo‘lidir.







