Yevropa mamlakatlari qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda
Polshada jazirama to‘lqinining tugashi kuchli shamol, yomg‘ir va suv toshqini bilan kuzatildi.

Boltiqbo‘yi sohilidagi Gdinya shahrida musiqa festivali tashkilotchilari konsertni vaqtincha to‘xtatib, odamlarni evakuatsiya qildi.
Shimoliy Italiya qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda. Po daryosidagi suv oxirgi 70 yildagi eng past darajaga tushdi. Bu hududdagi sholizorlar va chorvachilik uchun xavf tug‘dirmoqda. Fermerlar uyushmasi mamlakat fermerlari hosilining 30 foizdan ko‘prog‘ini yo‘qotish xavfi borligidan ogohlantirdi. Italiya poytaxti aholisi va yovvoyi hayvonlar antitsiklon tufayli havo haroratining ko‘tarilishidan aziyat chekmoqda. Rim hayvonot bog‘i xodimlari hayvonlarni muzlatilgan mevalar, go‘sht va baliqlar bilan oziqlantirishmoqda. Apennin yarim orolining ko‘plab shaharlarida favvoralar o‘chirildi. Verona rasmiylari suvni tejash choralarini ko‘rmoqda. Yoz oxirigacha shahar aholisi bog‘ va sabzavotzorlarni sug‘orish, mashina yuvish, basseynlarni to‘ldirish uchun ichimlik suvidan foydalana olmaydi. Qoidabuzarlar 500 yevro miqdorida jarimaga tortiladi.







