“Chelsi”dan kutilgan va kutilmagan transferlar
Londonliklar APLda chempionlik poygasiga qaytmoqda.

“Chelsi” o‘tgan mavsumni Angliya Premyer-ligasida “Manchester Siti” va “Liverpul”dan so‘ng uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Minimal vazifa bajarildi, ammo yetakchi futbolchilar bilan bog‘liq bo‘shliqlar yuzaga keldi.
Londonliklarning yangi egasi Todd Bouli o‘z klubining chempionlik uchun kurashishini istaydi. Buning uchun u jamoada yangiliklarga qo‘l urishi va sifatli transferlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.
“Chelsi” tom ma’noda kutilmaganda super jamoa tuza oladi, deb ishonishga asos bor. Ba’zi Yevropa futbol yulduzlarining o‘zlari Londonga o‘tishni xohlashmoqda. Klubning tarkibi “Manchester Siti” kabi jamoalarnikidan yomon bo‘lmasligi bor gap.
Jamoa bu yilgi transferlar oynasida faollik namoyish etdi. Quyida londonliklarning ushbu transferlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.
Sterling “Oltin to‘p” olmoqchi
“Manchester Siti” sobiq futbolchisi Rahim Sterling “Chelsi”ning birinchi va yuqori darajadagi transferiga aylandi. U yaqinda yangi klubida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Londonliklar angliyalik futbolchi bilan 2027 yilning iyuniga qadar shartnomani yana bir mavsumga uzaytirish varianti bilan kelishib oldi. «Chelsi» hujumchi uchun 47,5 million funt va 2,5 million funt sterling bonus to‘laydi. Shu bilan birga, Sterling «aristokratlar»ning eng ko‘p maosh oluvchi a’zosiga aylanadi. Hamda Premyer-ligadagi maoshlar bo‘yicha top-3 talikka kiradi. Angliyalik futbolchi yangi jamoasida 300 ming funt sterlingdan ko‘proq maosh oladi.
Xabarlarga ko‘ra, “Manchester Siti” muxlislari Sterlingning qolishini istashgan, biroq futbolchining o‘zi klubda asosiy o‘yinchi bo‘lishini kutgan va shu sababli “Siti”ni tark etishga qaror qilgan. U “Oltin to‘p”ni olishni maqsad qilgani aytilmoqda.
Sterling endigina 27 yoshda. “Siti”ni tark etish unga karerasini keyingi bosqichga olib chiqishga imkon beradi. Tuxel, albatta, unga Xosep Gvardioladan ko‘ra ko‘proq pul tikadi.
“Chelsi” himoyasini kuchaytirishi shart
“Manchester Siti”ning yana bir futbolchisi Neytan Ake “Chelsi” bilan kelishuvga erishdi. Futbolchi 2017 yilda tark etgan jamoasiga qaytishga tayyor. “Siti” himoyachi uchun 40-45 million funt sterling tovon puli talab qilmoqda. “The Times” nashrining xabariga ko‘ra, klublar muzokaralarning so‘nggi bosqichida.
Ake “Chelsi”ning yangilangan himoya chizig‘idagi asosiy figuralardan biri bo‘ladi. Andreas Kristensen va Antonio Ryudiger yozgi transfer oynasida “Real Madrid” va “Barselona”ga o‘tishdi. Sezar Aspilikueta va Markos Alonso ham yaqin orada “Barsa” futbolchisiga aylanishlari mumkin.
Himoya – “Chelsi”ning eng og‘riqli joyi. O‘tgan mavsum klub “Real” bilan Chempionlar ligasining chorak finalida himoya chizig‘ida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. APL doirasidagi “Arsenal” bilan bo‘lgan uy uchrashuvini (2:4) ham eslashimiz mumkin. “Siti” va “Liverpul” himoyada ancha samarali o‘yin namoyish qilmoqda. “Chelsi” himoya chizig‘ini qayta qurishi kerak. Klub ayni damda bir nechta yuqori darajasli himoyachilarni sotib olishni rejalashtirmoqda.
“Yuvenstus” futbolchisi Matteys de Ligt “Chelsi”ning asosiy maqsadi hisoblanadi. Ammo Turin jamoasi himoyachisi «Bavariya»ga o‘tishga intilmoqda. Gollandiyalik himoyachining taxminiy narxi 75 million yevroga baholanmoqda.
Shuningdek “Chelsi” “Bavariya”dan Dayot Upamekano yoki Benjamin Pavardni sotib olishga tayyor. Ikkala o‘yinchi ham de Ligtdan arzonroq bo‘ladi, lekin boshqa tomondan ular Matteysdan ham foydaliroq bo‘lishi mumkin. Myunxenliklar Upamekanoni qo‘yib yuborishga unchalik moyil emaslar, ammo ular de Ligtning transferidan keyin Pavard bilan xayrlashishga tayyor. Agar shunday bo‘ladigan taqdirda “Chelsi” darhol muzokaralarga qo‘shiladi.
Muallif: JAMSHIDBEK AMIROV








