35 yoshli Benzema “Real”ning yolg‘iz hujumchisi bo‘lib qolmoqda
Klub yangi mavsum oldidan hujum chizig‘ida hech qanday o‘zgarishga qo‘l urmadi.

“Real Madrid” hujumchisi Karim Benzema o‘tgan mavsumni ajoyib tarzda o‘tkazdi. U “Real” va Fransiya terma jamoasi safida 50 taga yaqin gol urdi. Shu yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan “Oltin to‘p” topshirish marosimida Benzema bu sovringa asosiy daʼvogarlardan biri bo‘lib turibdi.
Hozirda Karim bu yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ham munosib ishtirok etishi talab etiladi. U terma jamoa safida hujum chizig‘ida Mbappe bilan birgalikda harakat qiladi. Bu hujumchiga yana-da qulaylik taqdim etishi turgan gap.
Benzema dekabr oyida 35 yoshga to‘ladi. U yana bir mavsumni yuqori darajada o‘tkazishi mumkin. Bu esa “Real” tarkibida hujum chizig‘idagi raqobatning kuchayishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, Madrid klubi Benzemaning o‘rnini bosa oladigan top hujumchi sotib olishi kerakligini anglatadi.
“PSJ” futbolchisi Mbappe Karimning “Real Madrid”dagi sherigiga aylanmadi. Klub rahbariyati boshqa hujumchilar bilan shartnoma imzolamadi. Katta ehtimol bilan jamoa rahbariyati boshqa futbolchi sotib olmaydi. Bu esa keyingi mavsumda “Qirollik klubi”ning hujum chizig‘ida jiddiy muammolar keltirib chiqaradi.
“Real”ning sobiq hujumchisi Fernando Moriyentes jamoa hujumni kuchaytirishi kerakligi haqida o‘zining fikrlarini bildirib o‘tdi:
“Real Madrid” klubi tarixida faqat bitta asosiy hujumchi o‘ynaganini eslay olmayman. Odatda jamoada ikkita yoki uchta kuchli to‘purarlar o‘ynab kelgan. Bu aslida tashvishli. Vinitsius Junior o‘tgan mavsumda La Ligada 17 ta gol urdi, lekin u aslida chap qanot yarim himoyachisi. Yagona haqiqiy hujumchi Karim Benzema hisoblanadi”, — dedi Moriyentes.
“Real”da Karimdan boshqa qanday variantlar bor?
“Real Madrid” prezidenti Florentino Peres iyun oyida hujumchi sotib olish jamoaning rejalarida yo‘qligini aytgandi. Peresning fikricha, hujumda Benzemaning o‘zi o‘ynashda davom etadi.
Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatidan so‘ng Benzemaning holati birmuncha xavotirli bo‘lishi mumkin. Sababi noqulay ob-havodan keyin futbolchining o‘yini bir qadar yomonlashishi aniq. Klub prezidenti mana shundan tashvishga tushmoqda.
Karlo Anchelotti, albatta, o‘tgan mavsumda bo‘lgani kabi Vinitsius Juniordan ham hujumchi sifatida foydalanadi. Braziliyalik futbolchi o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 22 ta gol urdi. Murabbiy shuningdek hujumda Rodrigo Goesning imkoniyatlarini ham yuqori baholamoqda. O‘tgan mavsumda Rodrigo to‘qqizta gol urdi. Lekin, ikkala o‘yinchi ham top to‘qqizlik futbolchisi emas.
Shubhasiz, “Real”ga yana bir hujumchi kerak. Hozircha madridliklar bu chiziqqa yangi futbolchi sotib olgani yo‘q. Luka Yovich “Fiorentina”ga o‘tib ketdi. Serbiyalik futbolchi italiyaliklar safida ajoyib debyut qilishga erishdi. U “Real Vichensa” bilan o‘rtoqlik uchrashuvida (7:0) to‘rtta gol urdi . Futbolchi ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushdi va poker qayd etdi. “Real” esa jamoada butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchragan Yovichning ketishidan xavotirda bo‘lmasa kerak. Ammo hujumda Benzemaning yakka o‘zi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Edenning shartnomasi bekor qilinadi
Florentino Peres Mbappe bilan shartnoma imzolanishiga umid qilgandi, shuning uchun u Erling Holandning “Manchester Siti”ga o‘tishini xotirjamlik bilan kuzatdi. Transfer bozorida unchalik katta bo‘lmagan nomlar uni qiziqtirmaydi. Hatto ajoyib hujumchilar ham qadrlanmaydi. Yovich ketdi, klubda Benzema o‘rnini bosa oladigan ikkita nominal to‘qqizlik futbolchisi bor. Bular Mariano Dias va Borxa Mayoral. Ammo ular fransiyalikning darajasida emas.
“Marca” nashrining xabariga ko‘ra, Mayoral “Real”ni tark etishga yaqin turibdi. Peresning fikricha, agar kimdir Borxa uchun 10 million yevro taklif qilsa, futbolchi darhol sotiladi. Mayoralning o‘zi Madridda qolishni istamoqda. Futbolchiga “Xetafe”, “Selta” va A Seriyaning bir qancha klublari qiziqish bildirmoqda.
“AS” nashri bergan xabarga ko‘ra, Anchelotti Benzemaga yordam berish maqsadida Eden Azardan yaqqol hujumchi sifatida foydalanishni rejalashtirgan. Biroq, murabbiy yaqinda bu qarorini o‘zgartirib, “Real” rahbariyatiga Azarni sotishga ruxsat berdi. Belgiyalik futbolchi Anchelotti qo‘l ostida o‘tgan mavsum La Ligada bor yo‘g‘i 7 ta o‘yinda maydonga tushdi. Ayni damda Edenni sotish varianti ko‘rib chiqilmoqda. Qanot futbolchisini APLning “Chelsi” va “Nyukasl” klublari sotib olishi mumkin.
Bu vaziyatda “Real”ning oldida bir tanlov paydo bo‘lmoqda
Xabarlarga ko‘ra madridliklar yana bir vinger bilan shartnoma imzolashi mumkin. Leroy Sanening agenti Damir Smolyan futbolchini “Real”ga taklif qilgan. “Bavariya” hujumchisi Sadio Manening “Liverpul”dan nemis jamoasiga o‘tishi uning o‘yin amaliyotiga jiddiy taʼsir ko‘rsatishidan xavotirda.
2020-yildan beri “Bavariya”da o‘ynab kelayotgan 26 yoshli Sane 89 o‘yinda 24 ta gol urdi va 27 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Ko‘rsatkich yomon emas. Biroq “Real Madrid”ga bunday o‘yinchi kerak emas. Agar Vinitsius yoki Rodrigo juftligidan kimdir qanotni tark etsa bu variant ko‘rib chiqilishi mumkin. “Marca” nashrining yozishicha, madridliklar Marko Asensio, Daniyel Sebalos, Azar, va Mayoralni sotishga ahd qilgan. Yaqinda Anchelottining o‘zi ham jamoada yangi transferlar bo‘lmasligini maʼlum qildi.
Keyingi mavsum “Real Madrid” tarkibida Karim Benzemaga qiyin bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Klub bosh murabbiyi Vinitsius va Rodrigodan yaqqol hujumchi sifatida foydalangan taqdirda ham bu biroz muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.
Jamshidbek Amirov







