Sport

Dibala nimaga “Roma”ni tanladi

Bir necha kun oldin Rim klub futbolchining transferini eʼlon qildi.

Dibala nimaga “Roma”ni tanladi

 

“Yuventus” hujumchisi Paulo Dibala yangi klubi borasida bir qarorga keldi. Argentinalik futbolchi yetti yil davomida Turin klubida o‘ynab kelayotgan edi. Bir necha kun avval u “Roma” bilan shartnoma imzoladi. Kimlardir bu tanlovdan hayratga tushishdi. Chunki poytaxt klubi kelasi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etmaydi. Ammo Dibalaga daʼvo qilgan boshqa jamoalar Yevropadagi eng nufuzli turnirda qatnashishadi. Hozir Italiyadagi eng yorqin yozgi transferni tahlil qilamiz.

 

Nega Dibala “Yuventus”ni tark etdi

 

Krishtianu Ronaldu jamoadan ketganidan keyin Dibala Turin klubining asosiy hujumkor yulduziga aylandi. Biroq, bu uzoq davom etmadi. Mavsum oxirida Paulo shartnomasi tugashi sababli “Yuventus”ni tark etdi. Tomonlar kelishuvni uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borishdi, ammo bu muvaffaqiyatsiz yakunlandi. 2021 yilda “Yuventus” futbolchiga katta maosh (yiliga 11 million yevro) bo‘lgan shartnoma taklif qildi, biroq bir necha oydan keyin vaziyat o‘zgardi. Muzokaralarning so‘nggi bosqichida butunlay boshqacha 5,5 million yevrolik shartnoma paydo bo‘ldi.

 

Natijada Dibala jamoani erkin agent sifatida tark etdi. Bu holat Turin klubi rahbariyati va muxlislarini ranjitgani shubhasiz. Argentinalik futbolchining narxi 35 million yevroni tashkil etadi. Yetti yil oldin “Yuve” Dibalani 41 million yevro evaziga sotib olgandi.

O‘tgan mavsumning so‘nggi uy o‘yini oldidan Paulo ijtimoiy tarmoqda xayrlashuv postini yozdi:

“Hayrlashish uchun bironta so‘z topish qiyin. “Yuventus” bilan uzoqroq birga bo‘lamiz deb o‘ylagandim. Ammo shu bugun jamoa bilan xayrlashishim zarur ekan. Bu klubda boshdan kechirganlarimni hech qachon unutmayman. Men har bir o‘yin, har bir golni eslayman. Bu yerda ulg‘aydim, yashadim va kelajak uchun orzular qildim. Yetti yil sehrli o‘tdi. 12 ta sovrin va 115 ta golni hech kim xotiramdan o‘chirib tashlolmaydi. Hech qachon”.

“Latsio” bilan o‘yindan keyin (2:2) Dibala muxlislar bilan xayrlashayotganda ko‘z yoshlarini tiya olmadi. “Yuventus” bosh murabbiyi Massimiliano Allegri futbolchiga hurmat bajo keltirdi:

 

“Paulo yetti yildan beri “Yuventus”ning muhim futbolchisi bo‘lib keldi. U bu yerga bolaligida kelgan va men uning shunday futbolchi bo‘lib yetishishiga yordam berganimdan xursandman. Dibala har doim barqaror o‘yin darajasini ko‘rsatgan va ishtiyoq bilan harakat qilgan. U muxlislarning hurmatiga sazovor futbolchi”.

 

Futbolchi uchun qaysi klublar kurashdi?

 

May oyi oxirida argentinalik futbolchidan yangi klubi haqida so‘ralganda, o‘zi uchun hali hech qanday qaror qabul qilmaganini aytdi. Shu bilan birga, Paulo eng yaxshi variantni tanlashini taʼkidladi. Yulduz futbolchiga dastlab asosiy daʼvogar sifatida “Inter” klubi qiziqish bildirdi. Milan shahri klubi bosh direktori Beppe Marotta Pauloning “ko‘k-qoralar” safida bo‘lishiga umid bildirdi. Mashhur italiyalik insayder Fabritsio Romanoning yozishicha, “Inter” vitse-prezidenti Xaver Sanetti Londonda Dibala bilan shaxsan uchrashgan. Futbolchiga yiliga 6 million yevro maosh bilan “3+1” sxemasi bo‘yicha shartnoma taklif qilingan.

 

Iyun oyida “Inter” vakillari Dibalaning atrofidagilar bilan muntazam muzokaralar olib borishgan. Marotta klub futbolchining transferi ustida ishlayotganini tasdiqladi, biroq hammasi moliyaviy holatga borib taqaldi. Argentina OAVlarining xabar berishicha, Dibala shartnomaning barcha tafsilotlari bo‘yicha kelishib olgan, ammo keyinroq “Sorriyere dello Sport” nashri yangi maʼlumotlarni taqdim etgan. Manba bergan xabarga ko‘ra, tomonlar futbolchining maoshi borasida murosaga kelisha olishmagan.

 

“Tottenhem” klubi ham Dibalaning transfer variantini ham ko‘rib chiqdi. Klub sport direktori Fabio Paratichi argentinalik futbolchini juda yaxshi bilardi, sababi u avval “Yuventus”da ishlagandi. U futbolchi bilan muzokara olib bordi, ammo tomonlar hech qanday murosaga kela olishmadi. “Daily Mail” nashrining yozishicha, bunga ham yuqori maosh sabab bo‘lgan.

 

Shundan so‘ng Italiyaning yana bir jamoasi “Milan” ham Dibala uchun davogarlar qatoriga kirib bordi. “Gazzetta dello Sport” nashri “Inter” Romelu Lukakuni qaytarganidan so‘ng, Italiya chempionining futbolchiga qiziqishi haqida yozdi. “Milan” aynan mana shu holat Dibalani sotib olish imkoniyatini oshirishiga umid qilgan. Italiya klubi rahbariyati futbolchi moliyaviy talablarni kamaytirsa, shartnoma taklif qilishga tayyor edi. Jurnalist Nikolo Shira keyinroq “Milan” bu variantni umuman ko‘rib chiqmaganini taʼkidladi.

 

Hujumchiga yana bir daʼvogar sifatida “Napoli” klubi ham aytildi. Mavsum oralig‘ida klub bir qancha yetakchi futbolchilarini (Lorenso Insine, Kalidu Kulibali, Dris Mertens) yo‘qotdi va o‘z safiga yulduz futbolchini qo‘shib olishga umid qildi. Bu bilan jamoa rahbariyati muxlislarning norizichilligini so‘ndirishga harakat qilgan. Biroq bu harakat ham natijasiz yakunlandi.

 

Nega Dibala “Roma”ni tanladi

 

May oyi oxirida Rim klubi afsonasi Franchesko Totti Paulo haqida gapirdi va futbolchiga 10-raqamli “Roma” libosini taklif qildi. Dibala italiyalikni o‘zining kumiri deb atadi va unga maqtovlar uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘shanda argentinalik futbolchi Rim shahri jamoasida o‘ynashi mumkinligini hech tasavvur qilolmasdi. Bir oy o‘tgach, Totti “Sky Sport Italia” nashriga bergan intervyusida hujumchi bilan shartnoma imzolash ehtimoli minimal darajada ekanligini aytdi. “Endi Dibala boshqa klubda o‘ynaydi. Men uni “Roma”ga kelishiga umid qilgandim”, — dedi jahon chempioni.

 

Iyul oyida futbolchi uchun “Roma” va “Napoli” qiziqish bildirayotgani maʼlum bo‘lgan edi. Neapol klubi futbolchiga ko‘proq maosh taklif qildi, ammo bunda Joze Mourinyo muhim rol o‘ynadi. Portugaliyalik murabbiy shaxsan Dibalaga qo‘ng‘iroq qilib, uni Rim klubi bilan shartnoma imzolashga ko‘ndirgan. Joze hozirda poytaxt jamoasi tomonidan qurilayotgan loyihani maʼqul topdi. Paulo Neapolga borishni istamadi, chunki u “Napoli”dan uch yetakchining ketishi va transfer bozoridagi passiv ishidan ko‘ngli to‘lmadi.

 

Futbolchi Mourinyo jamoasiga o‘tish sabablarini ham oshkor qildi:

“Roma”ning meni sotib olishga bo‘lgan harakati hal qiluvchi rol o‘ynadi. Men o‘sib borayotgan jamoaga qo‘shildim. Kelajak uchun mustahkam poydevor qo‘yishda davom etayotgan klubda faoliyatimni davom ettiraman. Joze Mourinyo bilan ishlash men uchun katta sharaf”.

 

Maʼlum bo‘lishicha, Mourinyo futbolchining transferida barcha raqobatchilarni ortda qoldirdi. “Napoli” va “Milan” keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Ammo Dibala boshqa jamoani tanladi. “Napoli” futbolchiga ko‘proq pul taklif qildi, biroq u Mour bilan telefonda gaplashgach, Rim klubiga o‘tdi. Dibala yangi mavsumda Chempionlar ligasida qatnashmaydi, lekin u o‘zi xohlagan murabbiy qo‘l ostida o‘ynaydi.

Jamshidbek Amirov

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini 5-o‘rinda yakunladi: sportchilar 70 ta medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini 5-o‘rinda yakunladi: sportchilar 70 ta medalni qo‘lga kiritdi

Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev jahon rekordini yangiladi.

Ronaldu va Jorje Jezus yarashishi mumkin: futbolchining javobi kutilmoqda

Ronaldu va Jorje Jezus yarashishi mumkin: futbolchining javobi kutilmoqda

Avvalroq Ronaldu Portugaliya terma jamoasi yig‘inini muddatidan oldin tark etgandi.

O‘zbekiston Suriyani yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston Suriyani yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini  Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazadi.

Murabbiy bilan mojaro: Ronaldu Portugaliya terma jamoasi mashg‘ulotini tark etdi

Murabbiy bilan mojaro: Ronaldu Portugaliya terma jamoasi mashg‘ulotini tark etdi

Voqea murabbiy matbuot anjumanida Ronaldu bilan o‘rtasida hech qanday mojaro yo‘qligini aytganidan keyin yuz bergan.

Osiyo oʻyinlari: O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Yaponiya bilan o‘yinda penaltilar seriyasida yutqazdi

Osiyo oʻyinlari: O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Yaponiya bilan o‘yinda penaltilar seriyasida yutqazdi

Endi O‘zbekiston bronza medali uchun Xitoyga qarshi bahs olib boradi.

«Chelsi» Abduqodir Husanovning transferini ko‘rib chiqmoqda — manba

«Chelsi» Abduqodir Husanovning transferini ko‘rib chiqmoqda — manba

Husanovga Angliya Premyer-ligasining yana uchta klubi ham qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Eronni mag‘lub etdi: Shomurodov dubl qayd etdi

O‘zbekiston Eronni mag‘lub etdi: Shomurodov dubl qayd etdi

Husayn Norchayev esa uchrashuv oxirida hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston delegatsiyasi bir kunda 15 ta medal oldi

Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston delegatsiyasi bir kunda 15 ta medal oldi

O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kunida eshkak eshish, kanoe va baydarka, o‘q otish, qilichbozlik hamda sport gimnastikasi bahslarida jami 15 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Dibala nimaga “Roma”ni tanladi | Zamon.uz