Qatar-2022ga mezbonlik qiladigan stadionlar
Ularning barchasi o‘z uslubiga ega.

Shu yilning 21 noyabr kuni Qatar davlatida futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanadi. Chempionatda dunyoning 32 ta davlati g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Hozirda mamlakatda musobaqaga tayyorgarlik ishlari yuqori darajada amalga oshirilmoqda. Quyida turnirga mezbonlik qiladigan stadionlar bilan yaqindan tanishamiz.
“Lusail Aykonik”

Stadion 2021 yilning 22 noyabr kuni qurib bitkazilgan, biroq to‘liq foydalanishga topshirilmagan. Bu yerda 80 ming muxlis jahon chempionati o‘yinlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Lusail mamlakat poytaxti Doha shahridan 20 km uzoqlikda, jahon chempionati uchun maxsus qurilgan zamonaviy shahar hisoblanadi. Norman Fosterning arxitektura byurosi tomonidan loyihalashtirilgan stadion esa shaharning markaziga aylandi. Bu yerda jahon chempionatining 10 ta o‘yini, jumladan, yarim final va final o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, u yerda maktab, shifoxona, savdo markazi, kafe va restoranlar joylashadi.
“Khalifa International”

Mazkur o‘yingoh 2017 yilning may oyida qayta ochilgan. Majmua 44 ming muxlislar sig‘imiga ega hamda Qatardagi eng qadimiy stadionlardan biri. U 1976 yilda qurilgan va 2017 yilda qayta rekonstruksiya qilingan. Birinchi uchrashuv Qatar amiri kubogi finali doirasida “Al-Sadd” “Ar-Rayya”nni mag‘lub etdi. Arena Qatarning o‘tmishi va kelajagini o‘zida mujassam etgan. Sport majmuasi o‘ta zamonaviy uslubga ega.
“Ahmad Bin Ali”

Mazkur arena 2020 yilning dekabr oyida ochilgan. 40 ming tomoshabin jahon chempionati bahslarini maydondan kuzatib borish imkoniyatiga ega. Stadionda JCH-2022ning 7 ta o‘yini bo‘lib o‘tadi: 6 tasi guruh bosqichi bahslari va bitta o‘yin 1/8 final uchrashuvi.
Ushbu stadion loyihasi “Pattern Design” arxitektura firmasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, firma Everton klubining yangi stadionini hamda “Etihad” arenasining loyihalarini ishlab chiqqan. Qurilish esa “AESOM” kompaniyasidan tomonidan amalga oshirilgan. Bundan tashqari kompaniya 2010 yilgi Jahon chempionati uchun ham baʼzi stadionlarni qurishgan.
“Al-Janub”

Bu sport kompleksi 2019 yilning may oyida rasman ochilgan. Stadion 40 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Bu Al-Vakra shahridagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan yagona stadion hisoblanadi. Fors ko‘rfazi sohilidagi shahar tarixan baliqchilar shahri hisoblangan, ammo hozirda Qatarda ikkinchi yirik shaharga aylandi. Stadion dizayni o‘tmishni eslatadi - tomi anʼanaviy dhau qayiqlarining yelkanlari ko‘rinishida qilingan. Arxitektor - britaniyalik Zaha Hadid. Arenada JCH-2022ning 7 ta o‘yini bo‘lib o‘tadi: 6 tasi guruh bosqich uchrashuvi va bitta o‘yin 1/8 final bahsi.
“Al-Tumama”

Stadionning ochilishi 2021 yil 22 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan. Majmua 40 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Stadion loyihasi qatarlik arxitektor Ibrohim Jayda tomonidan ishlab chiqilgan. U anʼanaviy Qatar to‘rli qalpoqchasidan ilhomlangan - fasad ushbu bosh kiyimning anʼanaviy naqshiga o‘xshaydi. Arena hududda o‘sadigan daraxt nomi bilan atalgan.
Stadion yaqinda, 2021 yil oktyabr oyida Qatar Amiri kubogi finali doirasida ochilgan edi. Bu Xavining "Al Sadd" boshqaruvidagi so‘nggi o‘yinlaridan biri bo‘ldi - va uning jamoasi “Al-Riyod”ni penaltilar ceriyasida mag‘lub etdi. Oradan ko‘p o‘tmay, ispaniyalik mutaxassis “Barselona” bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Stadionda JCH-2022ning 8 ta o‘yini bo‘lib o‘tadi: 6 tasi guruh bosqichi bahsi, 1/8 finalning bitta o‘yini va 1/4 finalning bitta uchrashuvi. Sport majmuasi hududida sport tibbiyoti markazi va mehmonxona joylashadi.
“Taʼlim shahri”

Arena pandemiya avj olgan vaqtda 2020 yilning iyun oyida ochilgan. Stadion 40 ming muxlisga mo‘ljallangan. Stadion nomidan ko‘rinib turibdiki, u Qatarning taʼlim markazida joylashgan. Bu yerda bir nechta yirik universitetlari, Qatar Taʼlim va fan jamg‘armasining shtab-kvartirasi joylashgan. Al-Rayyandagi bu stadion dunyodagi eng ekologik toza arenalardan biri hisoblanadi. Stadion atrofida katta yashil maydonlar mavjud.
Stadionda JCH-2022ning 8 ta o‘yini bo‘lib o‘tadi: 6 tasi guruh bosqich, 1/8 finalning bitta o‘yini va 1/4 finalning bitta bellashuvi. Jahon chempionatidan so‘ng tribunalar sig‘imi ikki barobarga qisqaradi.
“Ras Abu Abud”

Stadion 2021 yil noyabr oyida ochilgan va u 40 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. U ulkan yuk tashish konteynerlaridan qurilgan. Uning ikkinchi nomi “Stadion 974. 974” hisoblanadi. Bu Qatarning xalqaro telefon kodi va qurilish uchun ishlatilgan konteynerlar soni. Konteynerlar ichida chakana savdo nuqtalari, hojatxonalar va boshqa infratuzilma obyektlari joylashtiriladi.
Arenada JCH-2022ning 7 ta o‘yini bo‘lib o‘tadi: 6 tasi guruh bosqich hamda bitta 1/8 final uchrashuvi.
“Al-Bayt”

Ushbu sport majmuasi 2021 yil noyabr oyida ochilgan bo‘lib, 60 ming muxlisni bemalol bag‘riga sig‘dira oladi.
Stadion Fors ko‘rfazi qirg‘oqlarida yashagan ko‘chmanchi badaviylarning chodirini yodga soladi. Hatto arenaning nomi ham bu turar joy nomi bilan bog‘liq. Stadion juda ham ekologik toza hududga joylashgan.
Arena Qatarning o‘tmishi va kelajagi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aks ettiradi. “Al-Bayt” turnirning ikkinchi eng muhim stadioniga aylanadi: u ochilish o‘yini va barcha bosqichlarning yana 9 ta o‘yiniga mezbonlik qiladi.
Jamshidbek Amirov







