Moskvada O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan xostel yonib ketdi
Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi maʼlumot berdi.

Moskva shahridagi mehnat migrantlari yashagan xostelda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida fuqarolar vafot etgani haqida ommaviy axborot vositalarida xabarlar tarqaldi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ushbu hodisa yuzasidan o‘rganish ishlarini boshladi.
Joriy yil 28-iyuldan 29-iyulga o‘tar kechasi Alma-Atinskaya ko‘chasidagi 7-korpus, 2-uyda joylashgan xostelda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 8 nafar fuqaroning vafot etgani va 4 nafar fuqaro jarohat olgani maʼlum bo‘ldi.
Vafot etganlarning 2 nafari (S.N., 2003-yilda tug‘ilgan va A.A., 1986-yilda tug‘ilgan) O‘zbekiston fuqarolari ekanligi aytilmoqda.
Hodisa yuzasidan Brateyevo tumani tergov qo‘mitasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirgi vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, ushbu hamyurtlarimiz jasadlarini Vatanga olib kelish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishini maʼlum qilgan.







