Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari bo‘yicha maʼlumot berildi
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yilishini rejalashtirganligi aytildi.

Bugun Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari bo‘yicha Qonunchilik palatasidagi masʼul qo‘mitalarning brifingi bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Shirinov takliflar bo‘yicha maʼlumot berdi. Umumxalq muhokamasi davrida vazirlik, idora va tashkilotlarda, respublika bo‘yicha barcha tuman va shaharlarda, shuningdek Oliy Majlis deputatlari va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy Kengash deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlarida jami 20 mingga yaqin muhokama tadbirlari tashkil qilindi.
Konstitutsion islohotlar masalasi OAVda keng yoritilgani alohida qayd etildi. Xususan, davlat va nodavlat telekanallarda 11 606 ta lavhalar, intervyular, informatsion va maxsus ko‘rsatuvlar efirga uzatildi, radiokanallarda 2 997 ta informatsion va maxsus eshittirishlar tashkil qilindi.Markaziy, hududiy va siyosiy partiyalar nashrlarida jami 1138 ta maqolalar chop etildi. Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda jami 46 720 ta axborot materiallari eʼlon qilindi.
Umumxalq muhokamasiga chiqarilgandan so‘ng bugunga kadar 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Takliflarning 67 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar taqdim etgan.Hududlar kesimida takliflarning eng ko‘pi Toshkent viloyatidan 13,6 % (20 587 tasi), Toshkent shahridan 12,5 % (18 933 tasi), Andijon viloyatidan 9,3 % (14 020 tasi), Xorazm viloyatidan 8,5 % (12 803 tasi), Samarqand viloyatidan 7,7 % (11 601 tasi), Farg‘ona viloyatidan 7,1 % (10 711 tasi) kelib tushgan.
Xorijdagi vatandoshlar ham umumxalq muhokamasida faol bo‘lgani maʼlum qilindi.
"Yana qo‘mitalarning qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazamiz, undan keyin siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokamalar o‘tkazamiz va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi kun tartibiga olib chiqamiz. Albatta har bir jarayonni ochiq va oshkora yoritib boramiz.Qonun loyihasining matni tayyor bo‘lishi bilan uni deputatlarimiz muhokamasiga kiritamiz. Deputatlarimiz fikrini olgan holda keyinchalik tayyor bo‘ladigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yilishini rejalashtirganmiz", — dedi brifingda J.Shirinov.







