Qozog‘istonda uyda saqlangan 10 nafar o‘zbekistonlik qutqarildi
Ular majburiy mehnatga jalb qilinib, mahalliy aholi tomonidan zo‘ravonlik bilan ushlab turilgan.

Qozog‘istonning Olmaota shahrida 10 nafar o‘zbekistonlik majburiy mehnatga jalb qilinib, mahalliy aholi tomonidan zo‘ravonlik bilan ushlab turilgani aytilmoqda.
Aniqlanishicha, 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnatdan foydalanish maqsadida majburan ushlab turilgan 10 nafar vatandoshimizni qutqarishda yordam so‘ragan va O‘zbekiston Bosh konsulligiga murojaat qilgan.
Bosh konsullik xodimlari Olmaota shahar huquq-tartibot idoralari vakillari bilan birgalikda O‘zbekiston fuqarolari joylashgan joyga borishgan va so‘ng fuqarolar Bo‘stonliq tuman IIBga olib ketildi. Jinoyatchilarga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 389-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Zo‘ravonlik bilan qo‘rqitilib, shaxsiy uyida saqlangan, shaxsiy buyumlari va uyali telefonlari olib qo‘yilgani aytilgan vatandoshlarimiz “Rodnik” jamoat fondi bilan birgalikda fuqarolar 3 mahal ovqatlanadigan yotoqxonaga joylashtirildi.
Tergov tadbirlari o‘tkazilib, O‘zbekiston fuqarolariga milliy pasportlari va shaxsiy buyumlari qaytarilgach, 1 avgust kuni barcha fuqarolar Olmaota-Toshkent yo‘nalishidagi avtovokzalga kuzatib qo‘yilgan. Hozirda ular O‘zbekistonga eson-omon yetib kelishgan.







