So‘nggi hafta transferlari
Yevropa klublarida o‘zgarishlar davom etmoqda.

Yevropada futbol klublari hali ham birin-ketin bir qator futbolchilar bilan shartnoma tuzmoqda. Baʼzi transferlar haqiqatdan ham hayratlanarli. Bunga misol tariqasida Ses Fabregas transferini ko‘rsatish mumkin.
Quyida o‘tgan hafta davomida amalga oshirilgan transferlar bo‘yicha maʼlumotlarga ega bo‘lasiz.
Janluka Skamakka: “Sassuolo” → “Vest Hem” (36 million yevro)
Yozda “PSJ” va “Vest Hem” vakillari 23 yoshli hujumchini qo‘lga kiritish uchun raqobatga kirishishdi. Italiyalik futbolchining Parij klubiga ko‘chib o‘tishi haqida juda ko‘plab xabarlar berilgandi. Ammo keyinchalik “Sassuolo” futbolchi uchun 50 million yevro talab qildi. So‘ngra futbolchining narxi tushib ketdi, bundan London klubi unumli foydalandi. O‘tgan mavsumda baland bo‘yli hujumchi A Seriyada yaxshi natija qayd etdi. Janluka 36 uchrashuvda 16 ta gol urdi.
Charlz de Quetelare: “Bryugge” → “Milan” (32 million yevro)
21 yoshli futbolchining aytishicha, u “Milan”ning qiziqishini bilib, hayratda qolgan. Charlz A Seriyaning top-klubiga o‘tishdan oldin Belgiya chempionatining eng qimmat futbolchilari qatorida bo‘lgan. Futbolchi o‘tgan mavsumda barcha turnirlarda 48 ta o‘yinda maydonga tushib, 18 ta gol urgan va 10 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Renatu Sanches: “Lill” → “PSJ” (15 million yevro)
Portugaliyalik iqtidor yana bir bor klubini o‘zgartirdi. Bir necha hafta oldin “Lill” prezidenti Olive Letang futbolchi uchun ikki top-klub “PSJ” va “Milan” daʼvogarlik qilayotganini maʼlum qilgandi. Shundan so‘ng 24 yoshli futbolchi Fransiya klubini tanladi. Shartnoma imzolagandan keyin, Renato Liga 1da o‘ynash katta masʼuliyat talab etishini aytdi. U o‘tgan mavsumda barcha musobaqalarda 29 ta o‘yin o‘tkazib bitta gol urdi va beshta golli uzatmani amalga oshirgan.
David Raum: “Hoffenxaym” → “RB Leypsig” (26 million yevro)
Bir yil oldin “Hoffenxaym” futbolchini tekinga sotib olgandi. Yaqinda uni 26 million yevroga sotishdi. Bu yomon natija emas. O‘tgan mavsum chap qanotda o‘ynagan Raum 3 ta gol urdi va 13 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Endilikda 24 yoshli futbolchi bu yilgi Chempionlar ligasida ham ishtirok etadi.
Karni Chukvuemeka: “Aston Villa” → “Chelsi” (17,9 mln yevro)
Futbolchi Premyer-ligada bor-yo‘g‘i 14 ta o‘yin o‘tkazgan. 18 yoshli o‘yinchi uchun “Chelsi” katta pul to‘ladi. Avstriyada nigeriyalik oilasida tug‘ilgan Karni Angliyaning 21 yoshgacha bo‘lgan terma jamoasida to‘p suradi. U “Nortgempton Taun” akademiyasida o‘qigan. 2021 yilda u yoshlar jamoalari o‘rtasidagi musobaqada Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. Finalda uning jamoasi “Liverpul”ni mag‘lub etdi. Bundan tashqari, Chukvuemeka “Aston Villa” yoshlar jamoasining eng yaxshi futbolchisi sifatida etirof etildi. Endi u faoliyatini “Chelsi”da davom ettiradi, shartnoma olti yilga mo‘ljallangan.
Gabriyel Slonina: “Chikago Fayr” → “Chelsi” (9,09 mln yevro)
“Chelsi” bilan shartnoma imzolagan yana bir 18 yoshli futbolchi. Biroq, darvozabon hozircha AQSHda qoladi. Ijara shartlariga ko‘ra, Slonin 2022 yil oxirigacha Chikago klubida o‘ynaydi. Darvozabon AQSHdagi eng ishonchli isteʼdodlardan biri hisoblanadi. Slonina “Chikago Fayr” bilan birinchi professional shartnomasini 14 yoshida imzolagan. Slonina aslida polshalik. Ammo u mamlakat terma jamoasiga bo‘lgan taklifni rad etdi. Chunki futbolchi Amerikada o‘ynashni xohlaydi.
Bernd Leno: “Arsenal” → “Fulhem” (3,6 million yevro)
Leno Ramsdeylning harakatidan keyin “Arsenal”ning birinchi darvozaboni sifatidagi o‘rnini yo‘qotdi. Nemis futbolchisi o‘tgan mavsumda Premyer-ligada bor yo‘g‘i to‘rtta o‘yin o‘tkazdi. Bernd o‘rinbosar rolini tashlab, o‘ziga yangi jamoa topishni to‘g‘ri deb bildi. Leno endigina 30 yoshga to‘ldi.
Kasper Shmeyxel: “Lester” → “Nitsa” (1 million yevro)
Shmeyxelni boshqa klub safida ko‘rish juda noodatiy holat. So‘nggi 11 yil davomida u “Lester”da 470 tadan ortiq o‘yin o‘tkazdi. Hamda butun professional faoliyatini Buyuk Britaniyada o‘tkazdi. 35 yoshli darvozabon ingliz klubini tark etish qarori juda qiyin bo‘lganini tan oldi. Darvoqe, “Nitsa”da Shmeyxelning hamyurti bo‘lgan forvard Dolberg to‘p surmoqda. Fransiya klubi ham Konferensiya ligasi saralashida o‘ynaydi. “Lester” esa yevrokuboklarsiz qoldi. Shmeyxel yangi jamoasi bilan 3 yillik shartnoma imzolagan.
Aaron Remzi: “Yuventus” → “Nitsa” (erkin agent)
Fransuz jamoasi kelgusi mavsum uchun tarkibni jiddiy ravishda kuchaytiradi. Iyul oyi oxirida uelslik futbolchi “Yuventus” bilan shartnomani bekor qilgan va bir necha kundan keyin esa fransuz klubi bilan shartnoma imzolagandi. O‘tgan mavsumda u A Seriyada bor yo‘g‘i 3 ta o‘yinda maydonga tushdi. Shundan so‘ng jarohatlari sabab tarkibga kiritilmadi. U mavsumning ikkinchi yarmini “Reynjers” safida ijara asosida o‘tkazdi.
Ses Fabregas: “Monako” → “Komo” (erkin agent)
Ispaniyalik Fabregas 35 yoshga to‘ldi. Ammo u shu vaqtda Italiya ikkinchi divizioni jamoasiga o‘tishini hech kim o‘ylamagandi. Ses bir qator top-klublar safida o‘ynagan. Ularga “Arsenal”, “Barselona”, “Chelsi” jamoalarini misol qilib keltirishimiz mumkin. Fabregasning o‘zi ham ikki yillik shartnoma imzolaganidan so‘ng “Komo”ni futboldagi eng yorqin va ulug‘vor loyihalardan biri deb atadi. Balki bir yildan so‘ng biz bu jamoani A Seriyada ko‘rarmiz. Buning klub juda katta mehnat qilishi kerak.
Jamshidbek Amirov







