Shomurodov “Bolonya”ga o‘tish arafasida
Futbolchimiz yangi jamoasiga ijara asosida ko‘chib o‘tadi.

“Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov tez orada “Bolonya” futbolchisiga aylanadi. 27 yoshli futbolchi, agar maʼlum shartlar bajarilsa, “qizil-ko‘klar”ga majburiy sotib olish opsiyasi bilan mavsum uchun ijaraga beriladi. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, o‘zbekistonlik hujumchi yangi jamoasi bilan to‘rt yillik shartnoma imzolaydi. Hamda “Bolonya” hamyurtimiz uchun 10 million yevro to‘laydi. Bu haqda jurnalist Nikolo Shira o‘zining twitter sahifasida maʼlum qildi.
Shomurodov O‘zbekistonning “Mashal” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2017-yilning yozida “Bunyodkor” klubidan “Rostov”ga ko‘chib o‘tadi va bu jamoada uch mavsum to‘p suradi. 2020 yil oktyabr oyida Eldor “Jenoa”ga 7,5 million yevroga, bir yildan so‘ng esa “Roma” jamoasiga borib qo‘shiladi. “Jenoa” bu kelishuvdan taxminan 10 million yevro ishlab oldi. Shomurodov rimliklar bilan birgalikda Konferensiya ligasida g‘olib chiqqan.







