Konya-2022: Turkiya nufuzli musobaqaga mezbonlik qilmoqda
Unda o‘zbekistonlik sportchilar ham ishtirok etyapti.

Shu kunlarda Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamligi o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham to‘liq tarkib bilan ishtirok etmoqda.
Islom birdamlik o‘yinlari dastlab 2005-yil Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan. Shu kunga qadar o‘yinlar Indoneziya va Ozarbayjon davlatlarida o‘tkazilgan. 2009-yil Eronda ikkinchi bor tashkil etilishi rejalashtirilgan Islom birdamlik o‘yinlari ayrim sabablarga ko‘ra keyingi yilga qoldirilgan edi. Biroq, 2010-yilda o‘yinlar butunlay bekor qilindi. Barcha Islom birdamlik o‘yinlarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Turkiya yaqqol peshqadam hisoblanadi.
Umuman olgan musobaqa Islom olamida sportni rivojlantirish, sportchilar o‘rtasida birodarlik va hamjihatlik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Musobaqada avval Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar qatnashishi rejalashtirilgan edi. Biroq, ayni damda ushbu tashkilotlat aʼzoligiga ega bo‘lmagan davlatlar ham turnirda bahslarga kirishgan.
V Islom birdamlik o‘yinlari avvalroq COVID-19 pandemiyasi sababli bekor qilingani uchun bir yil kechikib o‘tkazilmoqda.
Konya Turkiyadagi eng katta viloyatlardan biri hisoblanadi. Viloyat markazi ham shu nom bilan ataladi. U mamlakatda aholi soni bo‘yicha yettinchi o‘rinda turadi. Hudud 31 ta tumandan iborat. Konya Turkiyaning janubiy-markaziy qismida joylashgan yirik shahardir. Viloyat 31 ta tumandan iborat. Konya sanoati rivojlangan, shahar aholisi ikki yarim million kishini tashkil etadi.
Konya Rum Sultonligi davrida poytaxtga aylantirilgan. Saljuqiylar davrida esa shahar ilm-fan markazi bo‘lgan.
Mazkur shaharda 9-avgust kuni start olgan Islom birdamligi o‘yinlari 18-avgustga qadar davom etadi. Ayni damda turnir qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Mazkur nufuzli sport o‘yinlarida O‘zbekiston nomidan ham qator sportchilar ishtirok etmoqda.
Bahslarda yurtimiz sharafini 268 nafar ishtirokchilar 24 ta sport turida himoya qilmoqda. Musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish uchun Turkiya sport tashkilotlari va tashkiliy qo‘mita tomonidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
O‘yinlarda O‘zbekistonning gandbol, voleybol hamda basketbol bo‘yicha ayollar terma jamoalari ham medallar uchun kurash olib boryapti.
Shu kunga qadar sportchilarimiz 14 ta oltin, 14 ta kumush va 23 ta bronza medalni qo‘lga kiritishdi.
Jamshidbek Amirov







