Messi “Oltin to‘p”ga nomzodlar ro‘yxatiga kirolmadi
Futbolchi yetti bor ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan.

“France Football” nashri “Oltin to‘p”ga nomzod bo‘lgan 30 nafar futbolchi ro‘yxatini eʼlon qildi. Ajablanarlisi, ro‘yxatda “PSJ” hujumchisi Lionel Messining nomzodi yo‘qligi. Bu 2005 yildan beri birinchi marta sodir bo‘ldi. Qayd etish kerakki, endilikda futbolchilarning harakatlari bir yil davomida emas, balki bir mavsum uchun baholanadi. Shu munosabat bilan Leoning 2021 yil yozida Amerika kubogidagi muvaffaqiyati 2021/2022 yilgi mavsumga kiritilmagan.
Bu haqda matbuotda nimalar yozildi?
Sportga ixtisoslashgan OAVlar argentinalik futbolchining mukofotga nomzodlar orasida bo‘lmaganidan hayratda qolgan.
“Mundo Deportivo”: “Oltin to‘p”ga nomzodlar ro‘yxatida Messi va Neymarning yo‘qligi katta syurpriz bo‘ldi. Argentinalik futbolchi o‘tgan yilgi natijani takrorlay olmaydi. Messida yettita “Oltin to‘p” bor, lekin u uzoq vaqtdan beri birinchi marta kuchli 30 talikka kirmadi. Neymarning yo‘qligi ham bir oz bo‘lsada hayratga soladi. Bularning barchasi Krishtianu Ronaldudan farq qiladi. Mukofotning besh karra g‘olibi “Manchester Yunayted”dagi omadsiz mavsumga qaramay, daʼvogarlar qatoridan joy olgan”.
“L‘Equipe”: “Avvalroq tashkilotchilar eng yaxshi futbolchini tanlash mezonlarini o‘zgartirgan edi. Biz bir nechta yangiliklarni kutgandik. Ro‘yxatda Messining yo‘qligi hayratlanarli. Argentinalik futbolchi 2006 yildan beri muntazam ravishda nomzodlar qatorida bo‘lib kelmoqda. Messisiz ro‘yxat biroz “Tur de Frans”siz o‘tgan yozga o‘xshaydi. Bu esa juda g‘alati”.
“ESPN”: “Messining ajoyib seriyasi yakuniga yetdi. Bir yil oldin argentinalik futbolchi “Barselona”dan ketishi bilan jamoatchilikni hayratda qoldirdi va uning Parijdagi birinchi mavsumi muvaffaqiyatsiz yakunlandi”.
“Ole”: “Hamma Messi Parijdagi eng omadsiz mavsumdan so‘ng sovrin uchun asosiy daʼvogarlar qatoriga kirmaydi deb o‘ylagandi. Ammo ajablanarlisi shundaki, Leo hatto eng yaxshi o‘ttizta nomzodlar safiga ham kira olmadi. Shuni esda tutish kerakki, o‘tgan yilgi Amerika kubogidagi g‘alaba hisobga olinmagan, chunki endi eng yaxshi futbolchi kalendar yili emas, balki mavsum oxirida aniqlanadi”.
“Gazzeta dello Sport”: “30 nomzod orasida hatto Lionel Messi ham yo‘q. Futbolchi yetti marta mukofotni qo‘lga kiritdi. U 2006 yildan beri muntazam ravishda nomzodlar ro‘yxatida edi. Endi esa, oradan 17 yil o‘tib, Messi birinchi marta sovringa daʼvogarlar ro‘yxatiga kirolmadi”.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muxlislarning fikrlari ikkiga bo‘lingan. Baʼzilar Messining yo‘qligidan xafa bo‘lishsa, boshqalar bu qarorni adolatli deb hisoblashmoqda.
Messi yettinchi “Oltin to‘p”ni bir yil oldin qo‘lga kiritgandi. O‘shanda ko‘pchilik bu tanlovdan norozi edi, chunki ular “Bavariya” hujumchisi Robert Levandovskining g‘alabasiga umid qilishgan. Ovoz berish natijalari esa jamoatchilikning jiddiy eʼtiroziga sabab bo‘lgandi.
Jamshidbek Amirov







