Fransiyadagi jazirama issiqdan uylarning devorlari yorila boshladi
Mamlakatda uzoq davom etayotgan qurg‘oqchilik tufayli loy tuproqqa qurilgan uylarning devorlari yorilib ketmoqda.

Bu kichik va eski qishloq binolariga taalluqli, deya xabar berdi Euronews.com.
Mahalliy aholining aytishicha, devorlardagi yoriqlar tomning qulashiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, issiq havo tufayli fransuz uzumlari muddatidan bir oy oldin pishib yetdi. Odatda sentyabr oyining o‘rtalarida yig‘ib olinadi. Ammo endi hosil avgust oyida yakunlandi.
Issiqlikdan yaylovlarda o‘tlar qurib qolgan, mollar yeydigan narsasi yo‘q. Ko‘pgina fermerlar hayvonlarni molxonada ushlashga va qish uchun oziq-ovqat zaxiralarini ishlatishga majbur bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari sut bu yil kamida 20% kamroq bo‘ladi, deb ogohlantirmoqda.
Maʼlumot uchun: Yevrokomissiyaning Qo‘shma tadqiqot markazi hisobot eʼlon qilgandi. Unda olimlar ogohlantirishicha: Yevropa qitʼasining uchdan ikki qismi so‘nggi besh asrdagi eng dahshatli qurg‘oqchilikka duch kelmoqda. Qitʼaning 17 foizi to‘liq qurib ketish arafasida.







